Chop etish

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Namangan viloyatida ham Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va mehnat fronti faxriylarining holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda, sovg‘alar topshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan bunday saxovat tadbirlaridan nuroniylar mamnun.

“Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi tashabbusi bilan viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi va boshqa bir qator tashkilotlar vakillaridan iborat guruh Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – Namangan shahrida yashovchi Nizomxon ota Sattorov, Namangan tumanida yashovchi Abdusalom ota Rahmonov xonadonida bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining farmoni bilan belgilangan pul mukofoti, jamg‘arma va homiy tashkilotlar tomonidan yumshoq mebellar to‘plami tuhfa qilindi.

– Qo‘limga qurol olib, urushga kirganimda 17 yoshli yigit edim, – deydi 93 yoshli Nizomxon ota. – E, shu yoshimda ayovsiz janglarda qanday dahshatlarni ko‘rmadim. Urushda avvalo ota-onam, yaqinlarim, qishlog‘imni ko‘z oldimga keltirar edim. Bir jangda butun batalondan faqat 4 kishigina tirik qolganmiz. Hozir ham eslasam, ko‘zim o‘z-o‘zidan yoshga to‘ladi. Turli yurtlardan kelgan navqiron yigitlar edi. Yaratganga shukr, bizga shunday dorilomon kunlarni ko‘rish nasib etdi. Ilohim tinchligimizga ko‘z tegmasin, yer yuzida urush bo‘lmasin!

– Viloyatda 80 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 3 ming 500 mehnat fronti faxriysi istiqomat qilmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi I.Najmiddinov. – Prezidentimizning 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan e’lon qilingan farmon va qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat, shahar va tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, 3 nafarining uy-joyga, 26 nafarining uy-joyini ta’mirlashga ehtiyoj borligi, 8 nafariga nogironlik aravachasi, 7 nafariga sanatoriyalarga yo‘llanma zarurligi aniqlanib, buning amaliy choralari ko‘rilmoqda. Bayram munosabati bilan yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga “Nuroniy” jamg‘armasining respublika kengashi tomonidan 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari orasidan xaj ziyoratiga borish istagida bo‘lgan 8 nuroniy ro‘yxati jamg‘armaning respublika boshqaruviga yuborildi.

Shu kuni mazkur guruh Namangan shahridan Jabbor ota Sodiqov, Uychi tumanidan Ahmadjon ota Mamadaliyev, To‘raqo‘rg‘on tumanidan Yoqubjon ota Rahmatullayev, Xudoyberdi ota Jamolov va boshqa tumanlardagi urush faxriylari xonadonida bo‘lib, ularga pul mukofotlari, mashina olish uchun sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.

manba: www.uza.uz