Keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla o’zini o’zi boshqarishning muhim instituti sifatida jamiyatimizdan mustahkam o’rin egallamoqda. Yurtdoshlarimizning ishonchini qozonib, ularning tayanchi va suyanchiga aylanib borayotgan bu tuzilma xalq bilan muloqot qilish va inson manfaatlarini ta’minlashdek ezgu va mas’uliyatli, ayni paytda, sharafli vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Ayniqsa, mahallalarda yashovchi fuqarolarning faolligi, tashabbuskorligi bilan xududlar yanada obod, farovon bo’lib bormoqda.

Shoxidon va Guliston mahalla fuqarolar yig’inlari To’raqo’rg’on tumanidagi maskanlardan birdir. Qariyib 6000 nafar aholi istiqomat qilayotgan mazkur mahallalarda keyingi qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan bunyodkorliklar tahsinga sazovor. Bunda ayniqsa xududda yashovchi  faollar  tomonidan olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

- Mahallamizda 3000 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, deydi “Shohidon” mahalla fuqarolar yig’ini raisi Abdurazzoq Karimov. Aholimizning hamjihatligi, uyushqoqligi bilan xududimiz yanada ko’rkam bo’lib bormoqda. Quvonarlisi, mahallamizda nafaqat turli bayramlar arafasida, balkim muntazam ravishda xasharlar o’tkazish yaxshi an’ana tusini olgan. Jumladan, kuni kecha xududimizda xashar o’tkazildi. Mazkur hamjihatlik tadbiri davomida xududda joylashgan qabristonda obodonlashtirish yumushlari amalga oshirildi. Yo’l bo’ylari, ariq-zovurlari tozalandi.

Darhaqiqat, yurtimiz mahallalarining obod va ko’rkam bo’lishi aholining hamjihatligi, o’zaro mehr-oqibatiga bevosita bog’liq. Zero, ahillik bor joyda osoyishtalik, obodlik, xotirjamlik bo’ladi. Shohidon va Gulistonda bunga qat’iy amal qilinadi.  Bir so’z bilan aytganda, har ikki mahalla fuqarolar yig’inida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar yurt istiqboli, el manfaatiga xizmat qilayotgani quvonarlidir.

Axborot xizmati