Chop etish

Namanganda “Fuqarolar yig‘inlarining eng namunali diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida o‘zini o‘zi boshqarishning noyob usuli bo‘lgan mahalla instituti faoliyatini davr talabi darajasida yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Davlatimiz rahbarining shu yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan mazkur tizimning fuqarolik jamiyatidagi o‘rni va roli yanada mustahkamlandi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi M.Xo‘jayev. – Bu fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilaridan ham mas’uliyatni yanada oshirishni talab etadi.

Viloyat mahallalarida 766 maslahatchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda turli targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish barobarida joriy yilning o‘tgan davrida 350 ming oilaning ijtimoiy-ma’naviy muhitini o‘rgandi. Tahlillar asosida 2 ming 365 oiladagi nizoli holatlarga ijobiy yechim topildi. 10 mingga yaqin xotin-qizning ishga joylashishi, kasb-hunar o‘rganishi, oilaviy tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashildi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik va jinoyatlar kamaygani, 200 dan ortiq mahallada umuman jinoyat sodir etilmagani maslahatchilarning mahalla faollari, posbon hamda profilaktika inspektori bilan hamkorligi samarasidir. Maslahatchilar fuqarolar yig‘inlarining yarashtirish, voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport, xotin-qizlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik komissiyalarida ham faol ishtirok etmoqda.

Tanlovda 12 maslahatchi o‘zaro bahslashdi. Mingbuloq tumanidagi "Uzunqishloq" mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Shahzoda Mahkamova g‘olib deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi o‘rinni Uchqo‘rg‘on tumanidagi "Yoshlik" mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Nasiba Mirzayeva, uchinchi o‘rinni Norin tumanidagi "Ko‘kmozor" mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Mayramxon Ismanova egalladi.

Tadbir doirasida mahallalarda ishlab chiqarilayotgan milliy hunarmandlik va xalq amaliy san’ati buyumlari ko‘rgazmasi, san’atkorlar ishtirokida konsert namoyish etildi.

manba: www.uza.uz