Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Bugun - 7 avgust kuni “O’ztelekom” AJ viloyat filiali konferentsiyalar zalida viloyatda o’tkazilayotgan forumga bag’ishlangan press-konferentsiya bo’lib o’tdi. Unda mahalliy matbuot nashrlari muharrirlari, muxbirlari, respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi vakillari, shahar va tuman hokimlarining o’rinbosarlari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Matbuot anjumanini viloyat hokimining o’rinbosari, xotin-qizlar qo’mitasi raisi Hilola Yusupova ochdi va olib bordi. U dastlab forumni o’tkazishdan ko’zlangan maqsad, yoshlar tarbiyasi, ayniqsa, yosh oilalar va uyushmagan yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash borasida O’zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi zimmasiga yuklanayotgan vazifalar xususida batafsil ma’lumot berdi.

So’ngra forum doirasida o’tadigan tadbirlar mazmun-mohiyati, tartibi, ulardan kutilayotgan natijalar mavzusida O’zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyat kengashi raisining o’rinbosari Dilnoza Akramova, viloyat xotin-qizlar qo’mitasi raisining tadbirkorlik masalalari bo’yicha maslahatchisi Mavluda Abduhalimova, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig’i Ziyoviddin Mansurovlar ma’ruza qildilar.

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan joriy yil 30 iyun kuni yoshlar bilan o’tkazilgan uchrashuvda qizlarni, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yosh oilalarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash borasida aniqlangan mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilish lozimligi alohida ta’kidlandi. Bundan kelib chiqib, belgilangan vazifalar sirasida butun respublika miqyosida o’tkazilayotgan ushbu forum muhim ahamiyat kasb etadi.

Forum Namangan viloyatida hafta davomida o’tkazilib, uning doirasida “Men ham yetakchi bo’laman” mavzusida ijtimoiy-siyosiy faol ayollar va yoshlar uchrashuvi (8 avgust), “Ta’lim va fan” mavzusida ushbu sohada faoliyat olib borayotgan yosh oilalar, olima qizlar bilan ilmiy-amaliy konferentsiya, kitobxonlik aktsiyasi va kitoblar taqdimoti (9 avgust), “Kim nimaga qodir?” yosh xotin-qizlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda turli kasb-hunarlar bo’yicha mahorat darslari (10 avgust), “Sog’lom turmush tarsi” aksiyasi (11 avgust) bo’lib o’tishi rejalashtirilgan.

Ishtirokchi jurnalistlar forum va uni o’tkazish bilan bog’liq qator savollarga javob oldilar. O’z navbatida so’zga chiqqanlar fikr-mulohazalar bildirib, takliflarni ham o’rtaga tashladilar.

Jumladan, “O’zA” va “Namangan haqiqati” gazetasi muxbiri Akramjon Sattorov uyushmagan yoshlar bilan ishlashda yangicha usul va yo’nalishlarni amalga tadbiq etish kerakligi, faol yoshlarga uyushmagan yoshlarni biriktirish orqali ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish mumkinligini e’tirof etib o’tdi.

“Xabar” gazetasining hududdagi muxbiri Ahmadjon To’ychiboev yoshlar o’rtasida kiyinish madaniyati va milliylikni targ’ib etish, ma’naviyatimizga tahdid solayotgan illatlarga qarshi kurashda yanada faolroq bo’lish, bu jarayonda jamoatchilik fikrini uyg’otish kabi mavzularni ham forum doirasidagi tadbirlar mohiyatiga singdirish davr talabi ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, “Namangan sadosi” gazetasi muharriri Komiljon Fayziev ham o’z mulohazalarini bayon etar ekan, yosh oilalar muammolarini yanada chuqurroq o’rganish kerak, ularga eng samarali yo’llar orqali yechim topib berishimiz zarur, forum doirasidagi tadbirlarga ko’proq yosh oilalarni  taklif etish maqsadga muvofiq bo’lar edi, dedi.

“Mingbuloq” gazetasi muxbiri Nargiza Mavlonova esa “uyushmagan yoshlar” atamasining kelib chiqish omillari haqida gapirib, jumladan, shunday dedi:

- Maktab yoshidanoq o’g’il-qizlarning qiziqish va istaklarini, muammolarini o’rganishimiz kerak. Toki, u mustaqil hayotga qadam qo’ygach kasb-korsiz, ishsiz bo’lib qolmasin. Bunda psixologlar zimmasiga kuchliroq mas’uliyat yuklanishi shart.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, “Fidoying bo’lgaymiz seni, O’zbekiston!” shiori ostidagi “Yosh oilalar va qizlar” I-Respublika forumi Namangan viloyatida ana shunday fikr-mulohaza, taklif va tashabbuslarga boy, jo’shqin ruhdagi matbuot anjumani bilan boshlandi. Demak, forum doirasidan o’rin olgan barcha tadbir va loyihalar bundan-da mazmunli, taassurotlarga boy tarzda o’tadi.

Viloyat Xotin-qizlar qo'mitasi

 

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech