Namangan viloyatida o’tkazilayotgan “Yosh oilalar va qizlar” I-Respublika forumining navbatdagi tadbiri “Nuroniy” jamg’armasi viloyat bo’limi majlislar zalida bo’lib, u “Men ham yetakchi bo’laman” deb nomlandi. Tadbirda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan ijtimoiy faol hamda uyushmagan qizlar, deputatlar va turli sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan rahbar ayollar ishtirok etdi.

Uchrashuv davra suhbati tarzida o’tib, uni viloyat hokimining o’rinbosari, xotin-qizlar qo’mitasi raisi Hilola Yusupova ochdi va olib bordi. Notiq tadbirni o’tkazishdan ko’zlangan maqsad haqida to’xtalib, ayni paytda viloyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faollik ko’rsatib kelayotgan xotin-qizlar ko’pchilikni tashkil etishi, bir qator nodavlat notijorat tashkilotlariga rahbarlik qilib kelayotgan Mavluda Abduhalimova, Gulsora Rapig’alieva, Nazira Rahimjanova, Dilorom Sayfutdinova, Zulfiya Ahmadxo’jaeva kabi ayollarning faoliyati, tashabbuskorligi, tajribasi yoshlar uchun qimmatli ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etib o’tdi. Mazkur uchrashuv uyushmagan yoshlar vakillarida tadbirkorlik qilish rejasi hamda jamiyatda faol bo’lish ishtiyoqini paydo qilishi, faol yoshlarimizni esa yetakchilik salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kerak, deya ta’kidladi.

O’z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan O’zXDP viloyat kengashi raisi, 26-Mehribonlik uyi direktori Dilorom Abdurahimova, viloyat xotin-qizlar qo’mitasi raisining tadbirkorlik masalalari bo’yicha maslahatchisi Mavluda Abduhalimova, “Chortoq haqiqati” hamda “O’zbegoyim” gazetalari muharriri Dilbar Haydarova, FJSHMQMI Namangan viloyati hududiy bo’linmasi mutaxassisi Nigora Nuralieva, Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari xodimlari malakasini oshirish o’quv kursi direktori Nargiza Muhammadievalar yetakchilik qobiliyati va salohiyati, uni rivojlantirish omillari haqida so’z yuritishdi, o’z tajribalari bilan o’rtoqlashdilar. Yoshlar va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.

Uchrashuv qizg’in munozara kechasiga aylanib ketdi. O’rinli taklif, mulohazalarni bildirgan yoshlar bir necha dolzarb muammolarni ham o’rtaga tashladilarki, rahbar hamda deputat ayollar ularni hal etish yo’llarini ko’rsatib ham berdilar.

Jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Mingbuloq tumanidagi 15-umumta’lim maktabi ingliz tili fani o’qituvchisi Muhabbat Rahmonova chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yosh kelinlar, uyushmagan yoshlar, yosh oilalar uchun psixologlar ishtirokida yuzma-yuz muloqotlar o’tkazilishi lozimligi, bu oilalar mustahkamligi, farovonligi, ishsizlikning kamayishiga zamin yaratishi haqida o’z mulohazalarini bayon etdi.

Yana bir namanganlik faol yoshlar vakili - Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, O’zbekiston Milliy Universiteti 3-bosqich talabasi Oyxon Erkinjonova uyushmagan yoshlar bilan ishlashda birinchi navbatda ularni ish bilan ta’minlash masalasiga ahamiyat qaratish zarurligi, bu borada har bir mas’ul shaxsda javobgarlik hissini kuchaytirish, yangi imkoniyatlarni izlab topish, “Tengdosh-tengdoshga” usulini amalga kengroq va samaraliroq tadbiq etish kerakligini aytib o’tdi.

Munozaralar davomida “Namangan sadosi” gazetasi muharriri Komiljon Fayziev, Chust tumani Qiziltosh qishlog’idagi 43-umumta’lim maktabi yoshlar yetakchisi Nazokat Rustamova, Uchqo’rg’on tumani xotin-qizlar qo’mitasi bosh mutaxassisi Feruza Arabboeva, Xalq deputatlari Uchqo’rg’on, Kosonsoy va Norin tumanlari Kengashi deputatlari Odinaxon Fozilova, Hamidaxon Najmiddinova va Azizaxon Rahmonchaeva, Uchqo’rg’on tumani Mirobod MFYning diniy-ma’rifat va ma’naviy axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchisi Muhabbatxon Shokirovalar ham so’zga chiqishdi.

Ular tomonidan chekka-chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan deputatlar, faollar, rahbarlar, taniqli insonlar uchrashuvlarini uyushtirish yoshlar ma’naviyati yuksalishiga, hayotda aniq bir maqsadga ega bo’lishiga xizmat qilishi, malakali psixologlarni ko’paytirish, ular xizmatidan keng foydalanish orqali yosh oilalar va uyushmagan yoshlar muammolariga yechim topish mumkinligi, faqat qizlarnigina emas, yigitlarni ham oilaga tayyorlash masalasiga jiddiy yondashish lozimligi haqidagi takliflar o’rtaga tashlandi. Mulohazalarda oilalarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va targ’ib qilish shu kunning eng dolzarb vazifasi ekanligi alohida ta’kidlandi.

Bu o’z-o’zidan ertaga bo’lib o’tadigan forum doirasidagi “Ta’lim va fan” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferentsiya, kitobxonlik aktsiyasi va kitoblar taqdimotining nihoyatda jo’shqin ruhda, bahs-munozaralar, yangi fikrlarga boy tarzda o’tishidan dalolat beradi.

Viloyat Xotin-qizlar qo'mitasi