Ushbu tadbir Namangan Davlat Universitetida bo’lib o’tdi. Unda ta’lim va fan sohasida faoliyat olib borayotgan yosh oilalar, olima xotin-qizlar, ijodkor yoshlar, yosh iste’dod sohibalari, kitobsevarlar, davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari, uyushmagan yoshlar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir oliygoh hovlisida tashkil etilgan kitobxonlik aksiyasi bilan boshlandi. Unda mazkur ilm dargohi va undagi axborot-resurs markazi, kitob savdosi bilan shug’ullanayotgan tadbirkorlar tomonidan badiiy, ilmiy-ommabop va boshqa turdagi kitoblar ko’rgazmasi tashkil etildi. Yoshlar yangi adabiyotlar bilan tanishibgina qolmay, ularni xarid qilish orqali shaxsiy kutubxonalarini boyitishga muvaffaq bo’ldilar.
So’ngra konferensiyalar zalida boshlangan ilmiy-amaliy anjumanni viloyat “Olima ayollar” uyushmasi raisi, filologiya fanlari doktori, dotsent Huriniso Usmonova ochdi va olib bordi. U bugungi tadbir mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berar ekan, ayni paytda birgina Namangan Davlat Universitetida o’ttizga yaqin olima ayollar faoliyat olib borayotgani, ular filologiya fanlari doktori, professor Tursunoy Hamidova, tarix fanlari nomzodi Fayzixon Akimboeva, iqtisod fanlari nomzodi Tojixon To’raboeva kabi ustozlar ishini munosib davom ettirib kelayotganliklarini alohida ta’kidlab o’tdi va tadbirni ochib berish uchun so’zni viloyat hokimining o’rinbosari, xotin-qizlar qo’mitasi raisi Hilola Yusupovaga berdi.
Qo’mita raisi o’z so’zida ayolning o’qimishli bo’lishi millatning ma’naviyatli bo’lishi bilan barobar ekani, kitobga mehr qo’ygan qizlarimizning kelgusida oila atalmish qo’rg’onni muqaddas bilishi, uni ko’z qorachig’idek asrashi, o’zgalarga izzat-hurmatda bo’lishi, farzandlar tarbiyasiga ham jiddiy yondashishini e’tirof etib o’tdi.
Anjumanda psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Mo’’tabarxon Mahsudova, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent O’g’iloy Asqarova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Farida Karimova, “Namangan” nashriyoti direktori, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Gulchehra Zokirova, viloyat o’rta-maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi xotin-qizlar qo’mitasi boshlang’ich tashkiloti raisi, “Mahorat maktabi” gazetasi muharriri Rahbarxon Jumaboeva, doktoranturada tahsil olayotgan bo’lajak olima Havasxon Solixo’jaevalar ham o’z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Ma’ruzalarda kitobxonlikni targ’ib qilish, kitobxonlik madaniyatini oshirish oilalardan boshlanishi, ertaga oila bekasi bo’ladigan har bir qiz qalbida ilmga, kitob o’qishga bo’lgan ishtiyoqni paydo qilish, iste’dodiga qanot berish lozimligi haqida qimmatli fikr-mulohazalar bildirildi. Olima ayollar safini kengaytirish, ziyoli oilalar paydo bo’lishiga erishish, ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh oilalar va ayollarni qo’llab-quvvatlash xususidagi takliflar bir ovozdan ma’qullandi.
- Univeritetimiz qoshida “Ijodkor qizlar” klubi faoliyat yuritadi, - dedi anjumanda so’zga chiqqan NamDU talabasi Manzura Abdullaeva. - Bu klub ijodga mehr qo’ygan biz qizlar bilimi va mahoratini sayqallabgina qolmay, yuksak marralar sari ham ruhlantirmoqda. Men shunday klublarni xotin-qizlar qo’mitalari qoshida ham tashkil etishni taklif qilaman. Yosh iste’dodlar qo’llab-quvvatlansa, ularning birinchi kitoblari nashr etilishida qo’mitalar yordamini ayamasa deyman. O’z navbatida klub a’zolari ham o’z tengdoshlari orasida kitobxonlikni targ’ib etishda kattalarga ko’makchi bo’lsinlar.
- Men o’tgan yili O’zbekiston Milliy Universitetini tugatdim, - deydi chustlik Shohista Shahobova. - Yaqinda kasbi o’qituvchi bo’lgan yigitga turmushga chiqdim. Kelinlik sepimda katta-katta to’rtta qutida kitoblar bo’lgani uchunmi, qishloqda “kitobxon kelin” nomini olibman. Bundan quvondim. Hatto, qaynona-qaynotam, qayinini, qayinsingillar, qo’shni kelinlarning mendan kitob so’rab olib, mutolaa qilayotganlari ko’nglimda g’urur tuyg’usini uyg’otyapti. Demak, qizlarning sepiga kitoblar qo’shib uzatish ayb emas, aksincha, nihoyatda zarur amal ekan. Qaniydi, barcha oilalarda bu odat tusiga kirsa.
Anjuman kitoblar taqdimotiga ulanib ketdi. Unda yaqinda bosmadan chiqqan kitoblar - NamDU o’qituvchisi Aziza Turg’unboevaning hammualliflikda chop etilgan “Bolalar psixologiyasi va psixodiagnostikasi” nomli hamda NamDU talabasi Manzura Abdullaevaning “Bolako’z” nomli kitoblari taqdimoti bo’lib o’tdi. Mualliflar bu adabiyotlar haqida ma’lumot berishdi. Har ikki nashr ishtirokchilarda katta qiziqish uyg’otdi.
Viloyatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yosh iste’dod egalari ishtirokidagi mushoirada esa qizlar o’zlari erishgan yutuqlar haqida to’lqinlanib so’zlashdi, o’z ijod namunalaridan o’qib berishdi. Vatan, istiqlol bergan baxt mavzusidagi she’rlar Muqaddam Jabboralieva, Mashhura Ahmadjonova kabi yosh shoiralarning yorqin kelajagidan dalolat berib, betakror iqtidorini namoyon qildi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, “Ta’lim va fan” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya, kitobxonlar aksiyasi va kitoblar taqdimoti yosh oilalar va qizlarning faol ishtirokida o’tib, ularni yangi maqsad va rejalar sari ruhlantirdi.
Viloyat xotin-qizlar qo'mitasi