Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov va Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazaqov hamda bir qator mutasaddi boshqarma, bo’lim va tashkilot rahbarlaridan iborat guruh yakshanba kuni maxsus avtobusda tadbirkorlar va aholi bilan ochiq muloqot o’tkazmoqda.

Muloqot safarining ilk manzili shahrimizning aeroportga eltuvchi ko’chasida qurilishi boshlangan “ArtSoftTeks” va “Namangan momiq sochiqlari” brendlari bilan tanilgan firmaning yangi korxonasi bo’ldi. Bu yerda qurilishning borishi, tadbirkorni qiynayotgan muammolar joyning o’zida o’rganilib, bunyodkorlik bo’yicha tasdiqlangan grafikka amal qilish choralarini ko’rishga kelishib olindi.

Shundan so’ng, o’tgan haftada qurilishi boshlangan “Orzu” kichik sanoat majmuasiga yetib kelgan guruh ishtirokchilari bu yerda olib borilayotgan keng ko’lamdagi tuproq ishlari, loyihaning asosi hisoblangan fundament quyish ishlari bilan tanishdilar. Birinchi bosqich uchun tanlab olingan to’qqizta loyiha tashabbuskorlari bilan yaqindan muloqot qilinib, ularni qiynayotgan muammolarni shu yerning o’zida bartaraf etish choralari ko’rildi.

Navbatdagi manzil esa shahrimizning “Islomobod” dahasi bo’ldi. Eng avvalo hududda joylashgan tadbirkorlik sub’yektlariga kirib, ular bilan muloqot o’rnatildi, ularni qiynab kelayotgan muammolarning yechimi ustida bosh qotirildi. Xususan, “Davr metall sanoat” MCHJda bugun yoqilg’i-energetika muammosiga guvoh bo’lgan viloyat va shahar hokimlari anchadan beri tabiiy gaz tarmog’idan foydalanmagan tadbirkorga gaz yetkazib berish uchun mas’ul idora rahbariga vazifa va mas’uliyatni oshirish chorasi belgilandi. Shundan so’ng o’tgan haftada shahar hokimi Shavkat Abdurazaqov rahbarligidagi sektor ishchi guruhi tomonidan xalq bilan muloqot vaqtida belgilangan vazifalarning ijrosi bilan tinishildi. Xususan, ko’p qavatli uyning tomini yopish maqsadida homiylik asosida keltirilgan shifer va boshqa tom yopqich materiallarni o’z vaqtida tomga o’rnatish bugunning kechiktirib bo’lmas vazifasi ekanini hisobga olgan holda XUJMSH –xususiy uy joy mulkdorlar shirkatlari va kommunal boshqaruv idoralaridan hisobot so’raldi, rejalarini tezroq amalga oshirish talabi qo’yildi. Bundan tashqari boquvchisini yo’qotgan va nogiron, keksa aholi vakillarining holidan xabar olindi.

Namangan shahar hokimligi

Axborot xizmati