KUN.UZ saytida joriy yilning 14 sentyabr kuni e’lon qilingan “Namanganlik onaxon sudlarga qatnab tinkasi quridi. Unga kim quloq tutadi?” sarlavhali maqola Namangan viloyat hokimligi tomonidan o’rganib chiqildi.

Ma’lum bo’lishicha, Tojixon Davronova Norin tumani hokimining fuqaro Mahmudjon Rahmonovga egalik huquqini belgilash to’g’risidagi 2016 yil 25 fevraldagi 335-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish haqida bir necha bor Norin tumani hokimligiga qilgan murojaati mutasaddilar tomonidan o’rganilib, murojaat muallifiga tegishli javob xatlari berilgan.

Nizoli bo’lgan – Norin tumani Haqqulobod shahar Katta Yaydoq MFY J.Meliboev ko’chasida joylashgan 112-uy Rahmonov Mahmudjonga tegishli bo’lib, tuman hokimining 2016 yil 25 fevraldagi 335-sonli qarori bilan qonuniy egasi hisoblangan M.Rahmonov nomiga egalik huquqi belgilangan.

M.Rahmonov 2012 yilda T.Davronovadan umumiy hisobda 15 ming AQSH dollari qarz olgan, keyinchalik ushbu qarzni to’lay olmasdan, qarzni qaytarish muddati kelgani uchun yuqorida ko’rsatilgan o’zi yashab turgan uy-joy ushbu qarz evaziga hisob-kitob qilish to’g’risida MFY vakillari ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Fuqaro T.Davronovaning arizasida ko’rsatilgan holatlar mulkiy nizoli va sudga oid masala bo’lib, ushbu mazmundagi muqaddam qilgan murojaatlari Norin tuman hokimligi hamda fuqarolik ishlari bo’yicha sudlar tomonidan bir necha marta ko’rib chiqilgan va sudning chiqargan hal qiluv qarorlari nazorat tartibida yuqori turuvchi instantsiya sudlari hamda prokuratura idoralari tomonidan o’rganib chiqilgan.

Sudga tegishli va sud tartibida hal bo’ladigan nizoli masalalar mahalliy hokimlik idoralari tomonidan mazmunan hal etish vakolati bo’lmaganligi sababli sudning chiqargan hal qiluv qarorlari ustidan yuqori sud instantsiyalariga nazorat tartibida shikoyat qilish huquqi T.Davronovaga tushuntirilgan.

KUN.UZ sayti muxbiri Xurshid Dalievga ham, bevosita murojaat muallifi T.Davronova bilan ham aynan shu masalada viloyat hokimligiga kelganlarida yuridik xizmat (bosh yuriskonsult D.Ermatov) tomonidan shu haqda tushuntirish berilib, T.Davronovaga to’lovsiz malakali advokat (G.Yunusovaning) huquqiy yordami tashkil etilib, uning nomidan prokuraturaga protest kiritish haqida ariza va Uchqo’rg’on tuman ma’muriy sudiga hokim qarorini haqiqiy emas deb topish yuzasidan da’vo ariza loyihalari yozdirib berilgan.

Maqolada “U (viloyat hokimligi bosh yuriskonsulti D.Ermatov) onaxonga yordam berishga harakat qilishini aytdi.” “Yagona umidi viloyat hokimligidan. ... Nahotki viloyat hokimligi masalani uzil-kesil hal qilishni xohlamaydi” kabi ta’kidlar ko’rsatilsada, tuman hokimi qabul qilgan qarorni qonuniyligi yuzasidan fuqarolik da’vo tartibida birinchi instantsiya sudi va nazorat bosqichlarida ko’rib chiqilib, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari majudligi sababli, ushbu masalalar mahalliy hokimlik vakolatiga taalluqli emas.

SHuningdek, murojaatda “Tuman hokimining qalbaki hujjatlarga asoslanib chiqargan qaroriga sudyaning nahotki malakasi yetishmasa?” deb ko’rsatilsada, ish holatlariga ko’ra fuqaro T.Davronovaning ushbu talabi yuzasidan fuqarolik ishlari bo’yicha Uchqo’rg’on tumanlararo sudi jinoyat alomatlarini o’rganib chiqishni huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga havola etgan.

Amaldagi qonunchilikka binoan ko’chmas mulklar bilan bog’liq oldi-sotdilar notarial tasdiqlanishi va davlat ro’yxatidan o’tkazilishi majburiy hisoblanib, ushbu qonun talablarini yetarli darajada tushunmagan fuqaro T.Davronovaning sarson bo’layotgani “yagona umidi viloyat hokimligidan” bo’la olmaydi.

Aksincha, norozi bo’lgan sud qarorlarining qonuniyligi yuzasidan protsessual qonunchilik talabi asosida prokurorga yoki yuqori instantsiya sudiga murojaat qilishi mumkin.

Viloyat hokimligining yuridik xizmati