Namangan viloyat adliya boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 7 sentabrda qabul qilingan "Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida"gi qonuni mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Uni viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xayrullo Sobirov ochdi.

Viloyat adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va axborot bo‘limi boshlig‘i Sardorbek Azizov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.

Mazkur qonun 4 bob, 28 moddadan iborat bo‘lib, maqsadi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir.

Tadbirda ushbu qonun qabul qilinguniga qadar huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasida yechilishi lozim bo‘lgan ma’lum bir muammoli masalalar mavjud bo‘lganligi aytib o‘tildi. Masalan, huquqiy axborotni tarqatishning yagona tartibi mavjud emasligi, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi vakolatlari aniqlanmaganligi bu muammolarning asosini tashkil qilganligi ta’kidlandi. Endilikda ushbu muammolar bartaraf etiladi, shu bilan birga huquqning qo‘llanilishida ham bir xillik ta’minlanadi.

Qonun huquqiy axborotni tarqatish tizimi samaradorligi oshishiga, shuningdek, davlat organlari, mansabdor shaxslarning mas’uliyati kuchaytirilishiga xizmat qiladi. Qonun qabul qilinayotgan har bir normativ-huquqiy hujjat, qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar barcha davlat organlari va tashkilotlariga, ijrochilarga, har bir mahalla, kutubxona va ta’lim muassasasiga yetib borishi hamda u yerda ulardan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Huquqiy axborotning tarqatilishiga mas’ul bo‘lgan organlar, ularning vakolatlari, majburiyatlari va javobgarliklari belgilab berildi. Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish sohasida maxsus vakolatli davlat organi sifatida qayd etilib, unga davlat organlarining huquqiy axborotni tarqatish bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, uslubiy rahbarlik qilish vazifasi yuklatildi.

Anjumanda jismoniy va yuridik shaxslarning so‘roviga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ular faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibi tushuntirildi.

Shundan so‘ng qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.

Axborot xizmati