Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


O’zbekiston va Koreyaning mushtarak jihatlari, ikki yurtni, ikki elni bog’lab turgan tarixiy rishtalar anchagina. O’zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatilganining 25 yilligi hamda mamlakatimizda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashay boshlaganining 80 yilligi munosabati bilan viloyatimizda “Koreya festivali-2017” tadbirlari o’tkazilmoqda.

Koreya Respublikasining O’zbekiston Respublikasidagi elchixonasi va Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirlarda Koreya Respublikasining O’zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U (rafiqasi bilan), elchixona maslahatchisi Kim So Xi (turmush o’rtog’i bilan), elchixonaning ikkinchi kotibi Li Yulli, tarjimonlar – Suxodka Galina, Saidolim Saidolimov, viloyat hokimligi, ta’lim, madaniyat, milliy madaniy markazlar vakillari, san’at ixlosmandlari, yosh ijodkorlar va rangtasvir ustalari ishtirok etdilar.

Festival 4 oktyabr kuni Namangan shahar “Barkamol avlod” bolalar markazida “O’zbekiston va Koreya do’stligi” mavzusidagi rasm chizish tanlovi bilan boshlandi. O’zbek, rus, koreys va boshqa millat vakillaridan iborat maktab o’quvchilari o’z ijodiy ishlarida ikki davlat do’stligi haqidagi tasavvurlarini turli bo’yoqlarda aks ettirdilar. Yosh rangtasvir ixlosmandlari yaratgan ijod namunalari saralanib, 1 ta 1-o’rin, 2 ta 2-o’rin, 3 ta 3-o’rin va rag’batlantiruvchi nominatsiyalar bo’yicha g’oliblar aniqlandi. 1-o’rin Namangan shahridagi 52-maktabning 4-sinf o’quvchisi Sergey Kurbanovga, 2-o’rin 1-musiqa va san’at maktabining 5-sinf o’quvchisi Sevara Isaeva, 58-maktabning 1-sinf o’quvchisi Diyora Karimbaevaga, 3-o’rin 52-maktabning 1-sinf o’quvchisi Shegay Anastasiya, 42-maktabning 3-sinf o’quvchisi Karamina Babinova, 11-musiqa va san’at maktabining 5-sinf o’quvchisi Said To’xtasinovga nasib etdi. G’oliblarga Koreya Respublikasining O’zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U diplom va esdalik sovg’alarini topshirdi.

Kunning ikkinchi yarmida viloyat musiqali drama teatrida festivalning tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Koreya raqs ansambli ijrosidagi kontsert dasturi va “Ettinchi kameradagi mo’’jiza” koreys filmi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

– O’zbek va koreys xalqlarining madaniyati, mentalitetidagi vatanparvarlik, mehnatsevarlik, bag’rikenglik, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichikka izzat kabi o’xshash jihatlar, sharqona fazilatlar O’zbekiston va Janubiy Koreya o’rtasidagi hamkorlik rivojiga mustahkam asos bo’lmoqda, - dedi Koreya Respublikasining O’zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U. – O’zbekistonda Koreya festivali har yili o’tkaziladi. Lekin bu yilgi festival har yilgisidan farqli ravishda faqat Toshkent shahrida emas, Namangan va Andijonda ham o’tkazilmoqda. Men Namanganga birinchi bor kelishim. Namangan chindan ham go’zal va milliy madaniyatni o’zida mujassam qilgan shahar ekan. Men viloyatingizga yana tashrif buyurishni niyat qildim. O’ylaymanki, ushbu festival o’zbek va koreys xalqlari o’rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

5-6 oktyabr kunlari viloyat musiqali drama teatrida Koreyaning boy tarixi va madaniyatidan hikoya qiluvchi “Qirol tikuvchisi” va “Faqat sen” filmlari namoyishi festivalga yakun yasaydi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech