Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan shahridagi “Uch favvora xiyoboni”da viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibidagi tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo’lib o’tdi.

Turli vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, ichki ishlar xodimlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda profilaktika inspektorlariga zamonaviy xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashinalar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig’matilla Yo’ldoshev, viloyat hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov, ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonovlar Prezidentimizning alohida e’tibori tufayli profilaktika inspektorlari samarali faoliyat ko’rsatishi uchun barcha sharoit yaratilayotganini ta’kidladilar. Ularga o’z xizmat hududida uy-joy qurib berilayotgani va imtiyozli asosda shaxsiy avtomobil berilayotgani ana shu yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.

Tadbirda profilaktika inspektori, leytenant Alimardon Mirzavaliev barcha hamkasblari nomidan so’zga chiqib, ko’rsatilayotgan g’amxo’rlik va e’tibor uchun Prezidentimizga, davlatimizga minnatdorlik bildirdi.

Viloyatimizda faoliyat ko’rsatayotgan 496 nafar profilaktika inspektorining o’z hududida xizmat vazifasini sidqidildan bajarishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezidentimizning shu yil 20 apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qaroriga muvofiq viloyatimizda profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlash choralari ko’rilmoqda. Buning uchun rejadagi (295 ta yangi uy qurish, 198 ta mavjud binolarni qayta rekonstruktsiya qilish, ko’p qavatli uylardan 3 ta xonadon sotib olish) qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, xizmat uylari birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.

487 nafar profilaktika inspektori bilan imtiyozli kredit asosida “Matiz” avtomashinasi berish bo’yicha shartnomalar tuzilgan.  

Uchqo’rg’on tumani Qo’g’ay mahallasidagi 314-tayanch punkti profilaktika inspektori, kapitan Izzatilla Qodirov ham ko’plab hamkasblari qatori qasamyod qilgach, xizmat uyi va yengil avtomashina kalitini qabul qilib oldi.

 – Bugun men osoyishtalikni ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalash uchun tantanali qasamyod qildim,-dedi u. – Avvallari har kuni ishga Chortoqdan 50 km.dan ortiq masofadan qatnashimga to’g’ri kelardi. Bizga yaratib berilayotgan keng imkoniyat va sharoitlar mahalla ahli bilan yanada yaqin bo’lishimizga qulaylik yaratadi. Bu o’z navbatida hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarimizni yanada samarali bo’lishini ta’minlaydi.

Viloyatimizda profilaktika inspektorlari, mahalla hamda jamoatchilik vakillarining hamkorlikda faoliyat  yuritishlari uchun, yetarli sharoitlar, imkoniyatlar yaratilganligi erishilayotgan yutuqlar omili bo’lmoqda. Masalan, joriy yilning o’tgan 9 oyida viloyatda sodir etilgan jinoyatlar soni o’tgan yilning shu davriga nisbatan 451 taga, ya’ni 12,24 foizga  kamayishiga erishilgan.

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.Murodov, Bosh vazir o’rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo’mitasi raisi T.Norboeva, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov ishtirok etdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech