Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Keyingi vaqtlarda daryolar o’zanlari, ko’llar, suvni muhofaza qilish zonalari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv ob’ektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirg’oqlarini mustahkamlash ishlarini o’tkazish ko’rinishida amalga oshiriladigan qum-shag’al materiallarini nazoratsiz qazib olish holatlari ko’paydi.

Ushbu faoliyat daryo tublarining yuvilib ketishiga, qirg’oqlarning o’pirilishiga sabab bo’ladi, bu, o’z navbatida, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi hamda fuqarolarning hayoti, sog’lig’i va mulkiga, shuningdek, atrof tabiiy muhitga zarar yetishi uchun shart-sharoit yaratmoqda.

 2017 yilning o’tgan davrida viloyatdagi daryolar o’zanlarini tozalash va qirg’oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish bo’yicha 58 ta holat aniqlanib, xuquqbuzarlarga nisbatan 9885150 (to’qqiz million sakkiz yuz sakson besh ming bir yuz ellik) so’m miqdorida ma’muriy jarimalar solinib undirib olindi.

Yuzaga kelgan vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo’yicha kechiktirib bo’lmaydigan chora-tadbirlarni ko’rish, shuningdek, mazkur sohada huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 sentyabr kuni «Suv ob’yektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-3286-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan daryolar o’zanlarini tozalash va qirg’oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirishga yo’l qo’ymaslik bo’yicha kompleks chora-tadbirlarni ro’yobga chiqarish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, transport va gidrotexnika infratuzilmasi ob’ektlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash sohasida aniq vazifalar belgilandi.

Xususan, daryolar o’zanlarini tozalash va qirg’oqlarini mustahkamlash ishlari faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini o’tkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bog’liq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilishi belgilab qo’yildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi viloyatdagi xo’jalik yurituvchi va tadbirkorlik sub’yektlari  rahbarlarini yuqoridagi qaror talablariga ko’ra endilikda daryolar o’zanlarini tozalash va qirg’oqlarini mustahkamlashni alohida litsenziya asosida amalga oshirilishini hamda qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun ma’muriy jarima va ma’muriy xuquqbuzarlikni sodir etish quroli bo’lgan ashyolarni musodara qilishgacha bo’lgan javobgarlikni kuchaytirilganligi to’g’risida ogohlantiradi.

 

Namangan viloyat  ekologiya  va atrof-

muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech