Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan shahridagi 11-sonli musiqa va san’at maktabida faoliyat yuritmayotgan ob’ektlar negizida va kichik sanoat zonalarida yangi loyihalarni amalga oshirishning mavjud imkoniyatlari va mexanizmlariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Namangan viloyati hokimligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qo‘mita, uning viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat hokimiligining mas’ul rahbarlari, soliq, adliya, bojxona boshqarmalari, savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, soha mutaxassislari, ijara va qimmatli qog‘ozlar markazlari xodimlari ishtirok etdilar.

Dastlab viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullaev Prezidentimizning joriy yil 23 fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2796-sonli qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish hamda aniqlash bo‘yicha Idoralararo komissiya tomonidan 3771 ta avval xususiylashtirilgan ob’ektlarning ro‘yxati shakllantirilganligi hamda ularning negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, ijarachilarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Yunusov faoliyat yuritmayotgan ob’ektlar bazasida va kichik sanoat zonasida loyihalarni amalga oshirishning mavjud imkoniyatlari va mexanizmlari xususida batafsil so‘z yuritdi.

Qo‘mitaning boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Kamaletdinov Namangan viloyatida kichik sanoat zonalarini barpo etish va ularda faoliyat yuritish imkoniyatlari haqida ma’ruza qildi.

 

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Jahongir Valiyev ham bu boradagi o‘z fikrlarini bildirib, tadbirkorlarni ayni masalada yanada faol bo‘lishga chorladi.

Seminar davomida “Golden silk” Vetnam shu’ba korxonasi vakili Ruslan Aripov, “Ziyo marmar Chortoq” MCHJ direktori Shavkat Sultonov, Norin tumanidagi “Erkin” ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi rahbari Abduvohid Ergashev, xususiy tadbirkor Aziz Karimov va yana ko‘plab ishtirokchilarning murojaati eshitilib, ular qo‘ygan masalalar tegishli tartibda hal etiladigan bo‘ldi.

 

Axborot xizmati.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech