Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida respublikamizning barcha hududlarida sanoatni rivojlantirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yangidan-yangi korxonalarni barpo etish hamda mahsulotlarning sifat darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bugungi kunda yengil sanoat tarmog’idagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar sifati va zamonaviyligi bilan har qanday xorijiy davlatlarning mahsulotlaridan aslo qolishmayapti. Buni mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Uztex Uchqo`rg`on” O’zbekiston – Buyuk Britaniya – Singapur qo’shma korxonasining faoliyatida ham ko’rishimiz mumkin. Shu o’rinda aytish joizki, bu yirik loyiha “2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o’zgartirish va diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Dasturga asosan amalga oshirilgani bilan ahamiyatlidir.

 

Uztex Uchqo`rg`on” ip yigiruv va to’quv kompleksi “Uztex Uchqo`rg`on” va “Uchqo`rg`on Textile” zavodlarini o’z ichiga olgan bo’lib, majmua zamonaviy usulda paxtadan va aralash toladan kalava ip, qatlangan ip, momiq mato va tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Salkam 16 gektar maydonni egallagan ushbu korxonaning qurilishi, yangi zamonaviy texnologiya va jihozlarni sotib olishiga qariyb 120 million dollarlik mablag’lar yo’naltirildi.

Kompleks yiliga 16,5 ming tonna kalava ip hamda 7 ming tonna momiq mato ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lib, 1000 dan ortiq yangi ish o’rinlari yaratildi. Ishchi-xodimlarning to’liq dam olish va samarali ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor berilgan bo’lib, keng va yorug’ ovqatlanish xonasi, zamonaviy tibbiyot markazi, dam olish xonalari mavjud. Eng asosiysi korxonaning yillik eksport salohiyati esa 50 million dollarni tashkil etadi.

O’zbekiston paxta tolasi sifati bo’yicha dunyoda yetakchilardan hisoblanadi. Undan tayyorlanadigan tayyor va yarim tayyor mahsulotlar xaridorgirligi bilan ajralib turadi. Dunyo tajribsidan ma’lumki, paxtani eksport qilishdan ko’ra, uni qayta ishlab, jahon standartlariga javob beradigan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish ko’p foyda keltiradi. Uztex Uchqo`rg`on” korxonasida mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va dizayni bilan xorijnikidan aslo qolishmaydi.

Bugun “Uztex Uchqo`rg`on” va “Uchqo`rg`on Textile” zavodlarini birlashtiruvchi “Uztex Uchqo`rg`on” ip yigiruv va mato tukuvini ichiga olgan tekstil sanoati kompleksining ochilish marosimi bulib o’tdi. Tantanada xorijiy mehmonlar, vazirliklar va idoralar rahbarlari, moliya institutlari, sohaning yetakchi mutaxassislari, taniqli san’atkorlar qatnashdilar.

Namangan viloyati hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi X.Bozarov korxonaning ochilish marosimi bilan barchani qutlab, qurilishidan tortib, mana shunday zamonaviy qiyofa kasb etishga o’z hissasini qo’shgan quruvchilar, ahil jamoa xodimlari va uning rahbariga hamda xorijlik hamkorlarga o’z minnatdorchiligini bildirdi. Korxonaning kelgusi faoliyatiga omad va yangidan-yangi zafarlar tiladi.

Rasmiy qism yakunlangach, ramziy lenta qirqilib, marosim ishtirokchilari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Axborot xizmati