Namangan shahridagi “Uch favvora xiyoboni”da viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibidagi tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Turli vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, ichki ishlar xodimlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda profilaktika inspektorlariga zamonaviy xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashinalar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Dastlab maydonga jangovar bayroq olib kirildi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari S.Artikova, viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi X.Bozarov, ichki ishlar vaziri P.Bobojonovlar Prezidentimizning alohida e’tibori tufayli profilaktika inspektorlari samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yaratilayotganini ta’kidladilar. Tantanali qasamyod qilgan profilaktika inspektorlari va ularning oila-a`zolarini yangi xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida berilgan shaxsiy avtomashinalar bilan tabriklab, samimiy dil izhorlarini bildirdilar.

Tadbirda profilaktika inspektori, mayor Botirjon Salomov barcha hamkasblari nomidan so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimizga, davlatimizga minnatdorlik bildirdi.

Viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha profilaktika inspektorlarining o‘z hududlarida xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishlari uchun zarur sharoit-sharoitlar yaratilmoqda. Prezidentimizning shu yil 20 apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq viloyatimizda profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Ular imtiyozli kredit asosida shaxsiy “Matiz” avtomashinasi bilan ta’minlanmoqda.

Yangiqo‘rg‘on tumani Mamay mahallasidagi 424-tayanch punkti profilaktika inspektori, Ilhomjon To‘xtaboyev ham ko‘plab hamkasblari qatori qasamyod qilgach, xizmat uyi va engil avtomashina kalitini qabul qilib oldi.

 – Bugun men osoyishtalikni ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalash uchun tantanali qasamyod qildim,-dedi u.Avvallari har kuni ishga Chortoqdan 70 km.dan ortiq masofadan qatnashimga to‘g‘ri kelardi. Bizga yaratib berilayotgan keng imkoniyat va sharoitlar mahalla ahli bilan yanada yaqin bo‘lishimizga qulaylik yaratadi. Bu o‘z navbatida hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarimizni yanada samarali bo‘lishini ta’minlaydi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G. Ma’rupova va boshqa martabali mehmonlar ishtirok etdilar.

Axborot xizmati