Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan san’at kollejida tashkil etilgan tanlovda shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikka erishgan 82 nafar qizlarning adabiyot, san’at, fan, ta’lim va madaniyat yo‘nalishlari bo‘yicha bor bilim va mahoratlari sinovdan o‘tdi.

Tadbirni viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ochib, hukumatimiz tomonidan xotin-qizlar ma’naviy saviyasini yuksaltirish, jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida so‘zladi, iqtidorli, izlanuvchan qizlar hamisha xotin-qizlar qo‘mitalarining e’tibor markazida bo‘lishini alohida ta’kidladi, ishtirokchilarga omad tiladi.

Barchaga mukofotning viloyat komissiyasi raisi va a’zolari tanishtirilgach, ular besh yo‘nalish bo‘yicha nomzodlar ishini baholashga kirishdilar.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, yil sayin mazkur tanlov ishtirokchilariga kuchliroq talab qo‘yilmoqda. Nomzodlar ham buni qalban his etmoqdalar. Tanlov jarayoni, nomzodlar faoliyatini kuzatar ekansiz, qizlar ijodida o‘sishni, mukofot o‘z mazmun-mohiyati bilan qizlar ongiga, hayotiga tobora chuqurroq singib borayotgani, bu ularning iste’dodini yanada sayqallab, intilishlarini kuchaytirayotganini sezish qiyin emas. Komissiyaga taqdim etilgan asarlar, ilmiy va ijodiy izlanishlar namunalari, tayyorlangan qo‘shiq, kuy va raqslar qizlarning noyob qobiliyatlaridan dalolat beradi.

Nomzodlarning iqtidori ko‘p qirrali ekani tanlov jarayonida o‘z isbotini topdi. Ular orasida nufuzli  ko‘rik-tanlovlar g‘oliblarining ko‘pligi bois tanlov jiddiy raqobat ostida o‘tdi va chinakam ijod bahsiga aylandi.

Ayni kunda tanlov komissiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech