Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan davlat universitetida viloyat hokimligi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘ofurov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda elimiz ardog‘idagi taniqli shoir, yozuvchilar, davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar ishtirok etdilar.

Dastavval uchrashuv ishtirokchilariga e’tiboriga “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan “Ibrohim G‘ofurov: portretga chizgilar” nomli hujjatli filmning premyerasi namoyish etildi.

Inson umri oqar daryoga qiyoslanadi. Har bir inson yetuklik yoshiga yetganida o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlarini sarhisob qilib, o‘z faoliyatiga nazar tashlaydi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, qutlug‘ sakson yoshini qarshi olayotgan fidoyi inson, kamtarin ustoz, yetuk siyosatchi va adabiyotshunos, mohir tarjimon Ibrohim Usmonovich G‘ofurovning xayrli ishlari tahsinu e’tiroflarga loyiq.

O‘zbekiston xalq shoirlari ustozning umr yo‘ldoshi Oydin Hojiyeva, Mahmud Toir, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizayev, yozuvchi va dramaturg Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi mas’ul kotibi Jamoliddin Muslim, Namangan davlat universiteti rektori Abdusalom Umarovlar so‘zga chiqib, Ibrohim G‘ofurovning ta’lim, madaniyat, siyosat, axborot sohasidagi uzoq yillik samarali ish faoliyati o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillari uchun haqiqiy ibrat maktabi ekanini e’tirof etdilar. Darhaqiqat, ustozning kamtarona mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, «Do‘stlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlari, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Bu o‘z navbatida mamlakatimizda ilm-fan, madaniyat, adabiyot namoyandlari doimiy g‘amxo‘rlik og‘ushida ekanidan dalolat.

Ta’kidlash joiz, Ibrohim G‘ofurov O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va uning gazetasini tashkil etish, uning faoliyatining dastlabki yillarida “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” degan ezgu g‘oyani keng targ‘ib etishda munosib hissa qo‘shdi.

Xalqimiz suygan ijodkorlar yosh avlodni ona Vatanni sevib ardoqlash, unga munosib voris bo‘lish, kitobga mehr qo‘yish, milliy qadriyat va an’analarimiz, mentalitetimizga xos bo‘lgan hayo, or-nomus, mehr-oqibat kabi fazilatlarimizni asrab-avaylashga chaqirib, dilni chertuvchi ash’orlari bilan tadbirga ko‘tarinki fayz kiritdilar.

Ijodiy kechada Ibrohim G‘ofurov ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariyati, qolaversa tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildirib, yoshlar uchun, madaniyat va san’at ixlosmandlari uchun samimiy tilaklarini izhor qildi.

“- Kitobni sevgan odam hayotni sevadi, hayotni sevgan odam esa kitoblarni sevadi”, “Ko‘zlaridan ilm shu’lalari charaqlab turgan, ulug‘ ma’rifatli yurtda yashayotgan O‘zbekiston yoshlari mamlakatimizdagi ulkan o‘zgarishlarni chuqur anglab, buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lishlari sharafli vazifadir”. Ustoz tomonidan bildirilgan ushbu chaqiriqlar yoshlarimiz uchun uchrashuvdan olingan mantiqiy xulosalar bo‘ldi, desak adashmaymiz.  

Tadbir yakunida tabarruk 80 yoshga to‘lgan Ibrohim G‘ofurovga Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashining ezgu tilaklari bitilgan tashakkuronmalari topshirildi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech