Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Prezidentimizning 2016 yil 22 noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida Namangan shahrining 1-tumanida 5 ta hamda 5-A kichik tumanida 3 ta yetti qavatli, jami 336 xonadonli uy-joy qurib bitkazilib, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. Elektr, gaz, suv, oqava suv tarmoqlari bilan ta’minlangan uylar atrofida bolalar maydonchalari, avtomobillarni saqlash joyi va boshqa infratuzilma ob’ektlari joylashtirilib, yangi xonadonlar sohiblari uchun zarur qulayliklar, shart-sharoitlar yaratildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov ishtirok etib, yangi uylarning kalitlarini qabul qilib olgan barcha xonadon sohiblarini qizg‘in muborakbod etdi. Loyihachilarga, qurilish-montaj ishlarini bajargan bosh va yordamchi pudratchi korxonalar rahbarlariga tashakkurnoma va sovg‘alarni topshirdi. Bir qator xonadonlarda bo‘lib, yaratilgan sharoit va qulayliklar bilan tanishdi.

Xonadon sohiblarining ko‘zlariga quvonch yoshi qalqdi.  Bu ularning ko‘rsatilgan bunday g‘amxo‘rlik va e’tibordan qanchalik mamnun ekanliklarining ifodasi, albatta. Ayniqsa, imtiyozli ravishda yashash xonadoniga ega bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning quvonchi cheksiz.

- Muhtaram Yurtboshimizga katta rahmat aytaman, boisi, menga 3 oy avval zamonaviy chok tikish mashinasi topshirilgandi, - deydi Madinaxon Kamolova. – bugungi kunga kelib kasanachilik asosida ish joyiga ega bo’lganim sababli o’zimning moliyaviy holatimni ancha tiklab oldim. Bundan tashqari, ushbu uylar uchun 10 million so’m miqdorida boshlang‘ich badal puli  davlat tomonidan to’lab berilgani bizni yanada xursand qildi.

2018 yilda shaharning Islomobod mahallasida jami 588  xonadonni o‘z ichiga olgan yana o‘n to‘rtta ko‘p qavatli arzon uy-joy qurilib foydalanishga topshiriladi. 2020 yilgacha esa bunday uylardan yana 56 tasini qurish rejalashtirilgan. 

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech