Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Viloyat hokimligi, Yoshlar ittifoqi, “Mahalla” jamoat fondi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan uch guruhdan iborat targ‘ibotchilar viloyatimiz shahar va tumanlari  bo‘ylab uyushmagan yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazishmoqda.

Aksiyaning birinchi kuni bank, IIB, Yoshlar ittifoqi,“Mahalla” xayriya jamoat fondi, bandlik, jismoniy tarbiya va sport, xalq ta’limi, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmalari vakillari, oliy ta’lim o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, imom xatiblar, yozuvchi, olim va shoirlardan iborat har uchala guruh a’zolari avtobuslarda Uychi, Uchqo‘rg‘on, Norin tumanlariga yo‘l oldilar. Kun davomida sektorlarda to‘rt marotaba uchrashuvlar o‘tkazilib, yuzlab uyushmagan yoshlar bilan jonli muloqotlar qilindi.

“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi va mavjud huquqiy me’yorlarning amaliyotini ta’minlash, jamiyatimizda yoshlar faolligini yanada oshirish, ularni o‘ylantirayotgan muammo va masalalar yechimini aniqlash maqsadida tashkil etilgan aksiya doirasidagi tadbirlar Uychi tumanidagi 13-sonli bolalar musiqa va san’at maktabidan boshlandi.

200 nafarga yaqin yoshlar vakillari ishtirokidagi davra suhbatini O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining raisi  Ilyosbek Rahimov boshqardi.

Olmurutlik Baxriddin Murodov “Milliy bank”tuman bo‘limidan imtiyozli kredit olish uchun Sertifikatga ega. U ota-onasi va ini singillari bilan intensiv usulda bog‘ barpo etish maqsadida. Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumaniga borib, yong‘oq ko‘chatlari yetishtirayotgan mirishkorlar bilan maslahatlashgan. 5 gektar er olish uchun tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qilgan.

Shu masala yechimini tezlashtirib berishning iloji bormi?

Yoshlar ittifoqi tuman kengashining raisi Anvarjon Ataqo‘ziyev masala nazoratga olinganini, tumanning Guliston hududidan yong‘oqzor uchun  yer ajratishga kirishilganini aytdi.

Shundan so‘ng tortinib, qimtinib turgan yoshlar faollashdilar.

Shifokor mahallasida istiqomat qiluvchi Dildora Nuriddinova turli pishiriqlar tayyorlaydi. Uning mahsulotiga talab katta, buyurtmachilar serob. Tadbirkor sifatida ro‘yhatdan o‘tib, sex ochmoqchi.

Hali biznes reja ham tuzmaganman, joy olishim kerak. Nima qilsam bo‘ladi?

Dildoraga Yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limidan mutaxassis koordinator biriktiriladigan bo‘ldi.

Dilafro‘z Abdulhamidova G‘ayrat pedagogika kollejini tamomlagan mutaxassisligi bo‘yicha   ishlash istagida. Akmaljon Ahmadjonov,  Nargiza Tojiddinova, Shahzoda Jo‘raxonova, Muzaffar Qoraboyev, Qodirjon Tojimirzayevlar ham  tibbiyot, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘la turib, mutaxassisliklari bo‘yicha ish o‘rniga ega bo‘lisholmayotganliklarini aytib yordam so‘rashdi. Bandlikka ko‘maklashish markazi tuman bo‘limi direktori Jahongir Madrahimov ish so‘rab murojaat qilganlarga  bo‘lim mutaxassislarini jalb etib, amaliy chora ko‘rish uchun faoliyatga kirishdi.

Muloqotga Oqtosh mahallasidan kelgan Zoirbek Salimov kitob va kitobxonlik masalasiga davlat e’tibori bilan tuman  rahbariyati  yaxshi e’tibor qaratayotganini ta’kidlab, kutubxonalar ishini zamonaviylashtirish, joylarda bookkafe shaklida kutubxonalar tashkil etish taklifi bilan chiqdi.

Mavzu yuzasidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha eng ko‘p kitob o‘qiydiganlar  reytingida Xindiston - birinchi, Tailand - ikkinchi, Xitoy - uchinchi o‘rinda ekan.

Soku mahallasida joylashgan kasb-hunar kollejidagi muloqotda Ibrohim Muhammadjonov, Mohira Muhiddinova, Elyor Mirzaabdullayev singari yoshlar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun, shuningdek  bank kreditlari, soliqlar va ta’lim krediti masalalari bo‘yicha savollar bilan murojaat etishdi.

Xalq banki viloyat bo‘limi iqtisodchisi Qahramon Karimov, Namangan muhandislik qurilish instituti o‘qituvchisi  Normaxammad Syaydullayev,  tuman ichki ishlar bo‘limi voyaga etmaganlar va  yoshlar masalalari bo‘yicha katta inspektori  Rustam To‘ychiboevlar  mavjud qonunchilikda belgilangan tartiblar bo‘yicha huquqiy maslahat va tavsiyalarini bildirdilar.

Tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ahmadjon Rahmatovdan olingan ma’lumotga ko‘ra, uychiliklarning 83000 nafarini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan  yigit-qizlar tashkil etadi. Ularning 4300 nafari aniq o‘qish yoki ish joyiga ega bo‘lmagan - uyushmagan yoshlardir.

Olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlar va ko‘rilayotgan choralar natijasida tumanda yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan  huquqbuzarlik va jinoyatlar  keskin kamaymoqda.

- Mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasining viloyat agentliklari tashkil etilgani aynan uyushmagan yoshlar manfaati uchun ham g‘oyat ma’qul  amaliyot bo‘ldi. Viloyat bandlik bosh boshqarmasi bosh yurist konsulti  Dilshodbek Ne’matov muloqot ishtirokchilariga  yangi tizim faoliyati haqida ma’lumotlar berdi.

Shu kuni aksiya doirasida Norin tumanidagi qurilish va servis, iqtisodiyot, pedagogika, tibbiyot kollejlarida, Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Barkamol avlod“ bolalar markazi, Qayqi maishiy xizmat va servis kolleji, Qo‘g‘ay madaniyat va aholi dam olish markazi, iqtisodiyot kollejida ham muloqotlar o‘tkazildi.

Aksiya doirasidagi tadbirlar 2, 4-5 dekabr kunlari Namangan shahri va barcha tumanlarda o`tkaziladi.

Axborot xizmati.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech