Chop etish

Namangan shahar hokimligining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

 

Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarning ilg‘orlari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Marosimni Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov olib bordi.

Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov tantanali marosim ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi bilan qizg‘in muborakbod etib, o‘tgan bir yilda viloyatda erishilgan natijalar va galdagi sharafli vazifalarni qayd etdi.

Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida ma’ruza qildi.

Yoshlar nomidan so‘zga chiqqan Namangan Davlat universiteti talabasi Muazzam Toshkanboyeva  yig‘ilganlarni  samimiy tabrikladi.

Tantanali marosimda davlatimiz mustaqilligining yigirma olti yilligi bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganlarga faxriy unvon, nishonlari hamda orden va medallar  topshirildi. Ko‘plab yurtdoshlarimiz  Prezidentimizning joriy yil 10 oktyabrdagi Farmoniga asosan ta’sis etilgan «O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Nodir Sobirovich Otajonov so‘zga chiqdi.

- Huquq, burch, manfaatlarimiz va qadr-qimmatimiz Konstitutsiya bilan himoyalangan yurtimizda o‘zini ana shu buyuk kelajakka daxldor deb bilgan har bir inson sidqidildan ishlash, izlanish va natijaga erishish imkoniyatiga ega, - deydi «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni bilan taqdirlangan “Namangan haqiqati” gazetasi bo‘lim mudiri Risliqxon Majnunova. - Bu boradagi kamtarona mehnatlarim yuksak baholanganidan g‘oyatda baxtiyorman va bu meni yanada faolroq bo‘lishga undaydi.

Marosimning badiiy qismi «Shodiyona» tantanalar majmuasida to‘kin dasturxon atrofida davom etdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ilhom Farmonov, Yaxyobek Mo‘minov, O‘zbekiston xalq xofizi Ilhom Ibragimov, viloyat san’atkorlari, iste’dodli talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirokidagi katta konsert dasturi barchaga xushnudlik ulashdi.

Axborot xizmati