Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Ayollar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirni viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova kirish so‘zi bilan ochib, jinoyatchilik va huquqbuzarlik ildizi oila, undagi ma’naviy muhit va tarbiyaga borib taqalishi, shuning uchun bu illatlarga qarshi kurashishda oila ustuni bo‘lgan ayollar zimmasida katta mas’uliyat borligini alohida ta’kidladi.

 

Ishtirokchilar viloyat musiqali drama teatri foyesida hunarmandchilik, qo‘l mehnati mahsulotlari, tasviriy va amaliy san’at durdonalari ko‘rgazmasi, milliy liboslar va salomatlik bo‘yicha targ‘ibot materiallari bilan tanishdilar. Miniatura janrida suratlar solingan uy-ro‘zg‘or buyumlari, qandolatchilik, pazandachilik hamda tomorqada yetishtirilgan meva-sabzavotlar ko‘rgazmasi barchada katta taassurot qoldirdi.

Forumning badiiy dasturi To‘maris, Uvaysiy, Nodirabegim kabi momolar siymosini gavdalantirish bilan boshlandi.

Turli yoshdagi xotin-qizlar, jumladan, kelinlar, talaba-qizlar uchun mo‘ljallangan liboslar namoyishini barcha diqqat bilan kuzatdi. Ham milliylik, ham zamonaviylik uyg‘unlashtirilgan bu liboslar bejirimliligi, qulayligi bilan barchaga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, dizayner Sayyora Otamirzayeva yaratgan liboslar ko‘pchilik e’tiborini tortdi.

Viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov shijoatli, ilmli, mehnatkash ayollar oilalarimiz va jamiyat tayanchi ekanini ta’kidlab, bunday tadbirlar shahar va tumanlar, hatto, chekka-chekka qishloqlarda ham o‘tkazilishi zarurligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Zotan, xotin-qizlarni faollikka, foydali mehnatga undash, muammolariga birgalikda yechim izlash orqali jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish mumkin.

Kuy-qo‘shiqlar, raqslar, badiiy gimnastika bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar forum ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir so‘nggida faol ishtirokchilar rag‘batlantirildi. Jumladan, Namangan davlat universiteti talabalari Nilufar Zokirova, Muqaddas Temirova, chortoqlik Muxlisa Odilova, Namangan san’at kolleji o‘quvchisi Zarina Tolibjonovalarga viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining «Faxriy yorlig‘i» va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi yo‘nalishi bo‘yicha Namangan shahri, Uchqo‘rg‘on va Chortoq tumanlari xotin-qizlari taqdirlangan bo‘lsa, Yangiqo‘rg‘on, Mingbuloq va Pop tumani vakillari eng yaxshi pazandachilik mahsulotlari ko‘rgazmasi uchun e’tirofga sazovor bo‘ldi. Chust, Uychi, Norin va Kosonsoy tumanlarining qo‘li gul chevar xotin-qizlari eng yaxshi milliy liboslar yaratuvchilari sifatida g‘oliblikka musharraf bo‘ldilar.

Sayyora Otamirzayeva, Mushtariybegim Shodmonova, Ma’mura Davronova, Gulchehra Ibragimova kabi faol ishtirokchilarga ham «Faxriy yorliq» va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Axborot xizmati.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech