Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan muhandislik-qurilish institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil  topganligining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi” shiori ostida videokonferensiya o‘tkazildi.

Namangan viloyati hokimligi tomonidan viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan videomuloqotga Namangan va Xorazm viloyatlarida yigitlik burchini o‘tayotgan askarlar hamda ularning ota-onalari, do‘stlari, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.

G‘urumsaroy garnizoni va Petnak shaharchasida yigitlik burchini o‘tayotgan o‘g‘lonlar onlayn muloqot orqali ota-onalari va do‘stlariga harbiycha hayot, armiyada yaratilgan sharoitlar haqida hayajon va g‘urur bilan gapirib berdilar.

– Men ham ko‘plab xizmatdoshlarim kabi bugungi unutilmas tadbirda jondan aziz ota-onam va yaqin do‘stim Shokir bilan onlayn tarzda suhbat etdim, – dedi G‘urumsaroyda o‘z xizmat burchini sharaf bilan o‘tayotgan xorazmlik yigit Nuraddin Nurillayev. – Men Namanganning xushmanzara tabiati va tanti odamlarini bir umr eslab yuraman. Va albatta ushbu tadbir uchun tashkilotchilarga rahmat aytib qolaman.

– Bugungi videomuloqot tufayli Xozarasp tumanida harbiy xizmatni o‘tayotgan o‘g‘limiz Anvarjonni otasi bilan huddiki Xorazmga borib ko‘rib kelgandek bo‘ldik, – deya taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Norin tumanilik Nigora Jabborova. –Videomuloqot orqali farzandimiz bilan yuzma-yuz dildan suhbat qildik.

Viloyatimizning san’at va adabiyot namoyandalari harbiy xizmatchilarga samimiy tilaklarini bildirdilar, o‘zlarining kuy-qo‘shiq, raqs va ash’orlari bilan bayram tadbiriga yanada fayz kiritdilar.

 

Axborot xizmati.

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech