Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 19 dekabrdagi qonuniga muvofiq joriy qilingan O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni bu yil mamlakatimizda ikkinchi bor nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan viloyat prokuraturasida bayram tadbiri tashkil etildi.

 Uni viloyat prokurori Bahodir Umarov ochdi.

Harakatlar strategiyasi, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida inson huquqlari kafolatini ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar kuchaytirildi. Aholi va tadbirkorlarning qonuniy huquqlari izchil ta’minlanmoqda. Jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasiga e’tibor kuchaygani prokuratura xodimlarining xalq bilan bevosita muloqot olib borish, ularning muammolarini joyida hal etish imkoniyatini oshirdi. Bu boradagi ishlar ayniqsa, prokurorlarning o‘zlari biriktirilgan sektorlardagi faoliyatlarida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Qolaversa, Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti, Majburiy ijro byurosi xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va qonuniylikni ta’minlash borasidagi faoliyati ham samarali bo‘lmoqda.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Dastlab sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan taqdirlangan Norin tumani prokurori Baxromjon Yuldashevga III darajali “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni topshirildi.

Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov tadbir ishtirokchilarini prokuratura organlari xodimlari kuni bilan qizg‘in muborakbod etdi. Viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti, Majburiy ijro byurosi boshqarmalari, shahar va tumanlar prokuraturalari jamoalariga viloyat hokimligining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alarini topshirdi.

Viloyat prokurori Bahodir Umarov so‘z olib, ko‘rsatilgan e’tibor uchun o‘z minnatdorchiligini izhor qildi.

Shuningdek, bir guruh prokuratura organlari xodimlari viloyat prokuraturasining tashakkurnomasi va sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

 

Axborot xizmati.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech