Prezidentimizning 2017 yil 5 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tibbiyot sohasidagi oliy ta’lim dargohlarida 2017-2018 o‘quv yilidan davolash ishi, kasbiy ta’lim, harbiy-tibbiyot ishi, pediatriya ishi 6 yil, tibbiy-biologik ish 4 yil va tibbiy profilaktika ishi yo‘nalishlari 5 yil etib belgilandi. Bu yil birinchi marta tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlarida ta’lim olayotgan 7-kurs bakalavr hamda klinik ordinatura yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning o‘qishi muddatidan 5 oy oldin yakunlandi. 

Toshkent tibbiyot akademiyasi va Andijon meditsina institutining bakalavriatura bosqichini tamomlagan 75 nafar namanganlik bitiruvchilar doimiy yashash joyidagi tibbiyot muassasalarida ish boshladi. Yosh tibbiyot mutaxassislarini amaliyotga kuzatish marosimi katta tantanaga aylandi.

Shu munosabat bilan viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalari mutasaddilari, bitiruvchilar va ularning ota-onalari, ustozlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov oliy ta’lim dargohini bitirib, sharafli, shu bilan birga o‘ta mas’uliyatli faoliyatni boshlagan yosh shifokorlarni samimiy tabriklab, xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlashga, ularga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga astoydil harakat qilishlarini, eng asosiysi, bildirilgan yuksak ishonchni oqlashga chaqirdi. Ularga o‘z faoliyatlarini ustoz-shogird an’analari asosida olib borishlarini tavsiya qildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Paxridin Matkarimov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov so‘zga chiqdi.

Bugun sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar taqchilligi sezilmoqda. Namangan ham tibbiyot kadrlariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan viloyatlardan. Ayni paytda viloyatimiz tibbiyot muassasalarida 4486 nafar oliy ma’lumotli shifokor faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, yana 500 nafar vrachga ehtiyoj mavjud.

Chustlik Islom Shoqodirov ham o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, Chust tuman DSENMda umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishga joylashdi.

– Hech qanday qiyinchiliksiz ishga joylashganim meni ustozlarimizdan olgan bilimlarimni amaliyotda qo‘llab, xalqimiz uchun xizmat qilishga undaydi, – dedi u biz bilan suhbatda. – Biz, yoshlarga yaratilgan bunday sharoit uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. O‘zimning bor bilim va mahoratimni bemorni davolashga hamda inson sog‘lig‘ini saqlashga bag‘ishlashga, har bir bemorga kuch g‘ayratim va vaqtimni ayamay tibbiy yordam ko‘rsatishga, bemorning sog‘lig‘ini shaxsiy manfaatlarimdan yuqori qo‘yishga ahd qilganman.

Shu kuni Andijon meditsina instituti bitiruvchisi Nigora Vaxabova Namangan shahridagi 3-oilaviy poliklinikada mehnat faoliyatini boshladi. Poliklinika jamoasi Nigorani qizg‘in qabul qildi.

Bunday e’tibordan birinchi ish kunini Nuroboddagi 11-oilaviy poliklinikada umumiy amaliyot shifokori sifatida boshlagan Mavluda Egamova ham chetda qolmadi.

 

Axborot xizmati.