Chop etish

Viloyat hokimining tadbirkor va ishbilarmonlar bilan o‘tkazib kelayotgan yuzma-yuz muloqot jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida internet tarmog‘ining telegram, feysbuk kanallari va elektron pochta orqali murojaatlarini qabul qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yilgani yaxshi samara bermoqda.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar natijasida hozirgacha 193 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 73 tasi (37 foiz) ijobiy hal etildi.
Navbatdagi uchrashuvda viloyat hokimi Xayrullo Bozarov tadbirkorlar bilan yer maydoni, kredit ajratish, bino-inshootlardan nol xarid qiymatida foydalanish va boshqa masalalarda muloqot olib bordi va ularning yechimi yuzasidan mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berdi.  Hozirda Toshkent shahri, Chilonzor tumanida istiqomat qilayotgan namanganlik tadbirkor Aziz Yunusovga quyonchilikni tashkil etishi uchun yer maydoni, norinlik tadbirkor Temur Mo‘minovga quyonchilik faoliyatini kengaytirishi uchun bino-inshoot ajratish masalasi tegishli tartibda ko‘rib chiqilishiga kelishib olindi. Ko‘z kasalliklari bo‘yicha xususiy klinika tashkil etishi uchun to‘raqo‘rg‘onlik tadbirkor Anvar G‘ulomovga hamda tikuvchilik faoliyatini kengaytirishi uchun uychilik tadbirkor Adiba Xojimirzayevaga bino ajratib beriladigan bo‘ldi.  Shuningdek, boshqa masalalar bo‘yicha ham yechim izlanib, tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatilishi aytildi.