"Navbahor" - "Bunyodkor" uchrashuvidan keyin matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Navbahor” PFK matbuot xizmati xabar berdi. Matbuot anjumanida “Navbahor”  bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov va jamoa yarim himoyachisi Azizbek Turg‘unboyev, “Bunyodkor” jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov, “Bunyodkor” yarim himoyachisi Sardor Sobirxo‘jayevlar ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

 Ilhom Mo‘minjonov:

 - Shogirdlarim nihoyat uchrashuv oxirigacha o‘ynash kerakligini tushunib yetishdi. Jizzaxdagi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng yigitlar ikki bo‘lim emas, uch bo‘lim o‘ynash kerakligini tushunishdi. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishgani uchun shogirdlarimga rahmat aytaman. Bugungi g‘alaba o‘sha alamli mag‘lubiyatni yuvib yubordi, deb o‘ylayman.
Nenad Inyasning tezligi past emas.  Nenadning maydonda bo‘lishi raqiblarga katta bosim beradi. Futbolni tushunmaydigan ayrim mutaxassislar uni tanqid qilishgandi. Mana bugun u o‘z mahoratini namoyish etdi. "Lokomotiv"ga qarshi kechgan bahsda ham serbiyalik hujumchi yaxshi o‘yin namoyish etgandi. 

Biz maydonga tushadigan futbolchilarni raqibdan kelib chiqib tanlaymiz. Masalan, Mehmonov oldingi o‘yinlarda maydonga tushmagandi. Bugun u asosiy tarkibda to‘p surdi va gol urdi. Dilshod Jabborov ham bugungi bahs taktikasiga to‘g‘ri kelmadi va shu bois maydonga tushmadi.

Men o‘zim yiqqan tarkib bilan faxrlanaman. Nasib qilsa ikkinchi davrani ham shu futbolchilar bilan o‘tkazamiz.

Azizbek Turg‘unboyev:

 - Avvalo barchani yutuq bilan tabriklayman. Bugungi uchrashuvda bizga g‘alaba suv va havo kabi zarur edi. Jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga katta rahmat aytaman. Futbolga kirib kelishimga sabab dadam sababchi bo‘lganlar. Birinchi murabbiylarim Ilhom Abduqodirov va Xurshid Yo‘ldoshev. Namangan shahridagi 15-sonli futbol maktab-internatida o‘qiganman. Nenad ko‘plab top-klublarda o‘ynagan tajribali hujumchi hisoblanadi. U bilan birga maydonda to‘p surish menga qiyinchilik tug‘dirmaydi.  

Mirjalol Qosimov:

  -  Uchrashuv juda chiroyli tarzda kechdi. "Navbahor"ga qarshi safarda o‘ynasa, menimcha, Braziliya terma jamoasiga ham oson bo‘lmaydi. Ammo bugungi uchrashuvda shogirdlarim mag‘lubiyatga loyiq o‘yin ko‘rsatishdi, deb o‘ylamayman. Yigitlar juda yaxshi harakat qilishdi. Mezbonlarni g‘alaba bilan tabriklayman. Hayot davom etadi. Shunday bahslar bizni yanada kuchli qiladi."Navbahor"ning 12-futbolchisi, ya’ni muxlislari juda kuchli. Ular raqiblarga bosim qilib turishadi. Futbol shunisi bilan qiziq. O‘yin so‘nggida biroz bo‘shashdik, hakam hushtagini chalmaguncha to‘xtab qolish kerak emas.

Mag‘lubiyatni Rustam Ashurmatovning jarohat olishi bilan bog‘lash kerak emas. Uning o‘rniga tushgan Islom Qobilov ham yaxshi o‘ynadi. Faqat hakam qancha daqiqa qo‘shib bersa, shuncha o‘ynash kerak.

Biz har bir bahsdan oldin raqib o‘yinini tahlil qilamiz. "Navbahor"ning kuchli tomonlarini bilardik. Futbolchilari “ikkinchi qavat”da yaxshi o‘ynashadi, uzun paslar bilan harakat qilishadi. Turg‘unboyev va O‘runov, Aliyev kabi yarim himoyachilar juda yaxshi o‘ynashadi. Standart vaziyatlarda uch nafar legioner yaxshi harakat qilishadi. Bizda esa baquvvat va bo‘ydor futbolchilar yo‘q.

Sardor Sobirxo‘jayev:

 - Mazkur o‘yindan oldin murabbiylarimiz bizga uchrashuvning og‘ir kechishini aytishgandi. Alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. Ammo keyingi bahslarda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

Mirjalol aka biz – futbolchilarni juda yaxshi ruhlantira oladilar. Shu sababli, jamoamiz a’zolari o‘z ustilarida ko‘proq ishlab, ishonchni oqlashga intilishadi. Menimcha, o‘yinimizda o‘sish yuzaga kelishi shunga bog‘liq.