Chust tumanida g‘alla o‘rimini sifatli tashkil qilish vazifalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat va tuman hokimligi mas’ullari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari, markaziy mashina-traktor parklari hamda fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi bir qator qishloq, xo‘jaligi korxona va tashkilotlari vakillari, otryad rahbarlari, kombayn operatorlari ishtirok etdilar.

 

Joriy yilda tumandagi 428 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi ekin maydonlaridan 10 ming 450 gektarida bug‘doy etishtirilmoqda. Avvalo, g‘allachilik uchun kulay ob-havo sharoiti kuzatilgani va g‘allazorlarda agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va belgilangan me’yorlarga muvofiq o‘tkazilgani natijasida mo‘l hosil yaratildi. Seminarda etishtirilgan hosilni nest-nobud kilmay yig‘ishtirib olish bo‘yicha ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari muhokama kilindi. O‘rim mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil qilish uchun tumanda 28 ta otryad shakllantirildi. YA’ni, o‘rimga safarbar qilingan 28 ta yuqori unumli Case va Claas kombayni texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan nosozlik va kamchiliklar tugatildi, yong‘inga qarshi vositalar bilan jihozlandi. Ularning har biriga g‘alla tashish uchun 5 tadan yuk avtomashinasi biriktiriladi va bu transport vositalari ham tegishli talablarga muvofiq tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. O‘rim mavsumida ortiqcha vaqt yo‘qotilishiga yo‘l qo‘ymaslik, terim surati buyicha belgilangan jadvaldan og‘ishmaslik maqsadida har bir otryad uchun ko‘chma yotoqxonalar tashkil qilinadi.

Seminar yakunida kombayn operatorlariga ish haqi ustidan 500 ming so‘mdan avans, ro‘zg‘orlari uchun un, o‘simlik yog‘i kabi oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Seminarda yangi oyning birinchi haftasida g‘alla o‘rimiga kirishish rejalashtirilayotgani ta’kidlanib, mavjud kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari belgilab olindi.

Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari R. Qurbonov ishtirok etdi.