Kosonsoy tuman saylov komissiyasida komissiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va faoliyatini uslubiy ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat saylov komissiyasi a’zolari, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari saylov komissiyalari raislari, Kosonsoy tuman saylov komissiyasi a’zolari ishtirok etdilar.

  

Seminar-yig‘ilishini Xalq deputatlari Kosonsoy tuman Kengashiga saylov o‘tkazuvchi tuman saylov komissiyasi raisi Qodirxon Inomov olib bordi.

 

 Seminarda tuman saylov komissiyasi faoliyatida saylov qonunchiligi normalarining aniq va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash hamda saylov tizimidagi o‘zgarish va yangiliklar mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratildi.

Viloyat saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi kotibi Bobir Kamolov ishtirokchilarni joriy yilning 27 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan davra suhbati tafsilotlari va Markaziy saylov komissiyasining 2017 yil davomida qabul qilgan qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2018 yil 4 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tadbirlar Dasturi to‘g‘risida”gi 874-sonli qarori mazmun-mohiyati bilan tanishtirib o‘tdi.

 

Kosonsoy tumani hokimligining tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Alisher Sheraliyev tuman hokimining tegishli qaroriga asosan, tuman saylov komissiyasiga      4-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi binosining 1-qavatidan doimiy foydalanishga ijara badalisiz ajratib berilgan 3 ta xonada faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani, jumladan, mebel to‘plamlari va orgtexnika vositalari bilan to‘liq jihozlangani haqida to‘xtalib o‘tdi. Saylov komissiyasi va partiyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bunda saylov komissiyalari tarkibiga partiyaga a’zolar kirib qolmasligi, okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibiga hozirdan kamida 2 nafardan nomzodlarni tanlash va ularni huquqiy savodxonligini oshirishga e’tibor qaratish hamda saylov uchastkalarini inventarizatsiyadan o‘tkazish lozimligini ta’kidladi.

 

Seminar-yig‘ilishida viloyat saylov komissiyasi a’zosi Ibrohimjon Boymatov, Chortoq tuman saylov komissiyasi kotibi Abdulaziz Oqbayev, Kosonsoy tuman saylov komissiya kotibi Sharofiddin Boltaboyev va komissiya a’zosi Bahromjon Qosimov hamda “Kosonsoynoma” gazetasi muharriri Anorboy Olimovlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.