Bugun mamlakatimiz, xalqimiz hayotida muhim kun. Saylov uchastkalariga ovoz berish uchun kelgan saylovchilarning yuz-ko’zida xursandchilik, ko’tarinki kayfiyatni ilg’ash qiyin emas.

Kosonsoy tumanidagi 48ta saylov uchastkasida muhim siyosiy tadbirga puxta hozirlik ko’rilganligi saylovchilarning emin-erkin ovoz berishiga, saylov jarayonining yuqori saviyada o’tishiga zamin bo’lmoqda.

Tumandagi 144-saylov uchastkasida saylovchi uchun barcha qulayliklar yaratilgani yaqqol ko’zga tashlanadi. Did bilan jihozlangan ona va bola xonasi, tibbiy xizmat xonasi har qanday kishining e’tiborini tortadi. Saylov uchastkasida nogironlarning ovoz berishlari uchun alohida qulayliklar yaratilgani, ular uchun maxsus kabinalar va panduslar tashkil etilgani yurtimizda inson omiliga e’tiborning yorqin namunasidir. Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining o’z ishini katta mas’uliyat bilan bajarayotgani, ayniqsa, tahsinga munosib.

- O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy qonunchilik va umum e’tirof etilgan qoidalar asosida yuksak uyushqoqlik bilan o’tayotganiga guvoh bo’lib turibmiz, -deydi mazkur saylov uchastkasida ro’yxatga olingan «Ahmadxon hoji Kosoniy» fermer xo’jaligi rahbari Anvarxon Abdullaev. - Mamlakatimizda saylovga tayyorgarlik jarayoni milliy qonunchilik, xalqaro saylov standartlariga to’la muvofiq holda tashkil etilganligi, ko’rib turganingizdek, ovoz berish jarayoni yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o’tishiga xizmat qilmoqda. Fuqarolarning faolligi esa ularning yurtimiz kelajagiga mas’uliyat bilan yondashishlaridan darak beradi. Men ham umum e’tirof etilgan demokratik tamoyillarga mos ravishda yaratilgan ochiq-oshkora ovoz berish imkoniyatidan foydalanib, maqsadlarimiz ro’yobi va Vatan ravnaqi uchun eng munosib nomzodga ovoz berdim. Men tanlagan nomzod jonajon O’zbekistonimizni yanada baland cho’qqilarga olib chiqishiga ishonaman.

Tumanning qishloq va mahallalarini kezib, saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatar ekanmiz, eng avvalo, fuqarolarimizning yuksak siyosiy faolligini qalban his etdik. Saylov barcha hududlarda milliy qonunchilik, xalqaro me’yorlar asosida yuksak uyushqoqlik bilan o’tmoqda, deyishga barcha asoslarimiz bor. Ovoz berish jarayoni davom etmoqda…      

6-Namangan okrug saylov komissiyasi matbuot markazi