Печать

Namanganda Namangan va Navoiy viloyatlarida yigitlik burchini o’tayotgan askarlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening o’g’lim – Vatan himoyachisi” deb nomlangan videomuloqot bo’lib o’tdi.

O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Namangan va Navoiy viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari, shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar samarasida Qurolli Kuchlarimizning mustaqilligimiz, tinchligimiz va sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilish qudrati oshgani, harbiy xizmat va harbiy xizmatchilarga munosabat tubdan o’zgargani, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish yoshlar uchun yuksak shon-sharaf ishiga aylangani ta’kidlandi.

Tadbirda zamonaviy axborot texnologiyalari vositasida ota-onalar farzandlari bilan diydorlashdi, ularning askarlik hayoti va harbiy qismda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, bayram bilan tabrikladi.

– Videomuloqot askarlar va ularning ota-onalari uchun bayram tuhfasi bo’ldi, – deydi Namangan viloyati hokimi o’rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo’mitasi raisi X.Yusupova. – Yigitlik burchini o’tayotgan farzandi bilan bevosita muloqot qilish har qanday onaning ko’ngliga xotirjamlik baxsh etadi. Bu kabi tadbirlar yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida tinch-osoyishta hayotga shukronalik, harbiy burchga sadoqat, Vatanga muhabbat tuyg’ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Harbiy libos o’g’limga juda yarashibdi, – deydi H.Iskandarova. – Suhbat chog’ida uning dunyoqarashi kengaygani, fikri teranlashgani sezilib turdi. Farzandlarimizning bunday qat’iyatida harbiycha tarbiyaning ham alohida o’rni bor.

Tadbirda askarlar va ularning onalariga esdalik sovg’alari berildi. Videomuloqot shoirlar, san’atkorlar va yoshlar ijrosidagi Vatanga sadoqat, mardlik va jasurlik mavzularidagi kuy-qo’shiqlar, she’rlar bilan yanada zavqli bo’ldi.