Печать

Joriy yilning 2 fevral kuni Prezidentimiz raisligida atrof-muhit ifloslanishini oldini olish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda sohada olib borilayotgan islohotlar samaralari, chora-tadbirlar yuzasidan deputatlar oldida hisobot berish tizimini amaliyotga tadbiq etish yuzasidan zarur topshiriqlar berilgan edi.

 

Aynan ana shu ustuvor vazifadan kelib chikib, joriy yilning 15 may kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Muhammadayubxon Apaqovning hisoboti eshitildi.

Hisobotda mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahna-moliklarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, atrof-muhit musaffoligi, xalqimiz sog‘ligini yanada yaxshilash qaratilgani alohida qayd etildi. Xususan, sohada qabul qilingan qator muhim qaror va farmonlar atrof-muhitni asrab-avaylash, uning tabiiy boyliklarini tejamkorlik bilan foydalanishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Sessiyada hisobotchi tomonidan Kosonsoy tumanida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar chuqur tahlil etib berildi. Jumladan, deyildi hisobot davomida suv resurslarini muhofaza qilish va oqilona foydalanish yo‘nalishida hamkorlikdagi qator tadbirlar natijasida tumandagi 33 ta suvga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar aniqlandi. Mazkur yo‘nalishda boshqarmaning davlat inspektorlari tomonidan o‘tgan yilda 35 ta, 2018 yilning birinchi choragi mobaynida esa 9 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Yoki atmosfera havosini asosiy ifloslantiruvchi manbaalar haqida ham sessiyada fikr-mulohazalar yuritildi. Xususan, bir yilda atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori jami 69,4 ming tonnani tashkil qilib, shundan 90 foizi yoki 63,7 ming tonnasi viloyatda harakatlanayotgan avtotransport vositalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Aynan mazkur ko‘rsatkichlar tuman misolida tahlil etilganda 4,1 ming tonnani, uning 3,9 ming tonnasi esa 12137 dona avtotranportlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Birgina 2017 yilda o‘tkazilgan “Toza havo” oyiligi davomida tumandagi 1100 ta tranport vositasidan chiqayotgan is gazi va tutun qalinligi miqdori ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 36 ta tranport vositasida ushbu ko‘rsatkich me’yoridan ortiqligi aniqlandi va kamchiliklar bartaraf etildi.

Sessiyada yana bir asosiy yo‘nalish, ya’ni maishiy chiqindilar bilan bog‘liq holatlari ham atroflicha muhokama mavzusi bo‘ldi. Tumanda bugungi kunda faoliyat olib borayotan “Toza xudud” davlat unitar korxonasining filiali tomonidan maxsus texniklar yordamida “signal” usulida aholi xonadonlari, korxona va tashkilotlarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Biroq, olib borilayotgan  targ‘ibot-tashviqot, nazorat tadbirlariga qaramay noqununi chiqindixonalar tashkil etish yoki yo‘l bo‘ylari, belgilanmagan joylarga maishiy chiqindilarni tashlab ketish holatlari uchrab turgani deputatlarga aniq misollar orqali aytib o‘tildi.

Hisobot davomida olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda echimini kutayotgan muammolar, ularni keng jamoatchilik, deputatlar bilan hamkorlikda bartaraf etish bo‘yicha ham fikr-mulohazalar yuritildi.

O‘z o‘rnida masala yuzasidan muzokara uchun so‘zga chiqqan deputatlar hisobot davomida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, mahalla fuqarolar yig‘inlarida tushuntirish ishlarini olib borish, ekologik nazoratni keng jamoatchilik bilan yanada kuchaytirish kabi fikrlarni bildirib o‘tdilar.

Shuningdek sessiyada kun tartibiga kiritilgan qator masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror deputatlari tomonidan ma’qullandi.

                                      Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi
jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘limi