Chop etish

Assalomu alaykum, qadrli hamyurtlar, xurmatli bayram ishtirokchilari!

Maftunkor va betakror yurtimizga go‘zallik va nafosat, yasharish va yangilanish timsoli bo‘lmish Navro‘zi olam qutlug‘ qadamlar bilan tashrif buyurmoqda.

Navro‘zi olamning o‘lkamizga kirib kelishi bilan har birimiz tabiatda mavjudotning uyg‘onishi, kurtaklar va gul-chechaklar ochilishi, yeri ko‘k bag‘rida yuz berayotgan o‘zgarishlardan, bahor nafasidan bahramand bo‘lamiz, Ona-tabiatimizning uzviy va ajralmas bir qismi ekanimizni chuqur his qilamiz.

Tabiat uyg‘ongan bu pallada, eng oliy ne’mat tinch va osuda hayotimizning har bir kunini qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashash kerakligini yana bir bor chin yurakdan anglaymiz.

Ayni, shu farahbaxsh lahzalarda barchamiz bahoriy kayfiyat bilan “O‘lkamizga xush kelding, Navro‘z!” deya xalqimizning ardoqli bayramini qarshi olmoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, qalbimizda kechayotgan oliyjanob his-tuyg‘ularni namoyon etib, xalqimizga xos qadriyatlar ulug‘lanayotgan qutlug‘ damlarda Siz azizlarni, Sizlar orqali viloyatimiz ahlini Navro‘zi olam bilan samimiy tabriklaymiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari! Barchamizga ma’lum, dunyoda bir-biridan ulug‘, bir-biridan ajoyib bayramlar ko‘p. Lekin, ular orasida Navro‘z ayyomi o‘zining qadimiyligi, tabiatimizga uyg‘unligi va go‘zalligi hamda ma’no-mohiyatining teranligi bilan alohida ahamiyatga egadir.

Navro‘z ayyomini xalqimiz naqadar orziqib va intizor bo‘lib kutib olayotgani, bu bayramni eng qadimiy va milliy bayram sifatida ardoqlab o‘tkazishimiz ham bejiz emas.Haqiqatan ham, ming yillar avval – “Avesto” davrida paydo bo‘lgan Navro‘zi olam bizning xalqimiz uchun eng ko‘hna, milliy, sharqona yangi yil debochasi sifatida doimo sog‘inib, ardoqlab qarshi oladigan, har qaysi uyga shodlik va xursandchilik olib kelishi, o‘sha zamonlardan buyon xalqimizga xos bo‘lgan an’ana va qadriyatlarni bezavol saqlab kelinishi, ayniqsa, istiqlol tufayli qayta tiklangan bebaho qadriyat sifatida barchamiz uchun azizdir.

Shuningdek, Navro‘z bayramining jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitining shakllanishida, ayniqsa, yoshlarimizning milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi ahamiyati beqiyosdir. 

Ana shu dilbar faslda insonlarning bir-biriga mehribonlik ko‘rsatishi, bemorlarga, muhtojlarga beminnat yordam berishi, tabarruk keksalarimizning duosini olish kabi noyob fazilatlar albatta, barchamizni doimo yaxshilikka intilishga, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga chorlaydi.

Navro‘zi olamning yana bir betakror xislati borki, u har qaysi uy, har qaysi yurtda, butun Yer yuzida tinchlik va osoyishtalik bo‘lishiga da’vat etadi.

Zero, azal-azaldan xalqimizning beg‘ubor va go‘zal qadriyatlarini, ezgu orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o‘lmas meros sifatida o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam, ayniqsa, mustaqillik yillarida qayta sayqal topib, mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi sevimli bayramga aylanib qoldi. 

Shu bois ham bahor fasli tashrif buyurishi bilan bu ayyomni, umumxalq milliy bayramimiz sifatida, ko‘tarinki kayfiyatda keng tantana qilamiz.

Bugun yurtimizda, xususan viloyatimizda Navro‘z bayramini keng va munosib nishonlash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarimiz shahar-u, qishloqlarimiz, mahalla-yu guzarlarimizda o‘tkazilayotgan tadbirlar, shuningdek, obodonlashtirish ishlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Ayniqsa, mazkur bayram arafasida an’anaviy tarzda Respublikamiz bo‘ylab keng ko‘lamda o‘tkazilgan xayriya hashari kunlari davomida viloyatimiz ahli ham faol ishtirok etishdi, shahar va qishloqlarimizda keng ko‘lamli obodonlashtirish, ommaviy gul va boshqa ko‘chatlar o‘tqazish ishlari amalga oshirildi.

Aziz hamyurtlar!

Ushbu tantanali marosimda, yana shuni quvonch bilan ta’kidlashimiz joizki, Muhtaram Prezidentimizning o‘tgan yilgi viloyatimizga qilgan qutlug‘ tashriflari, viloyatimiz sha’niga aytgan iliq fikr-mulohazalari, Namangan ahliga bergan ta’riflari va yuksak baholari barchamizni yanada ulug‘vor vazifalarga da’vat etmoqda.

Albatta, bizlarga bildirilgan ishonch avvalo, faxr-iftixor, g‘urur va kuch-quvvat baxshida etadi hamda mamlakatimizning eng obod, eng ko‘rkam va eng go‘zal go‘shalaridan biriga aylantirishga undaydi.

Barchamiz, bu e’tibor va ehtiromga munosib bo‘lish uchun, pok niyat bilan Yaratgandan so‘ragan holda bir yoqadan bosh chiqarib, mas’uliyat bilan, bor salohiyatimizni safarbar etib, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun sidqidildan mehnat qilishimiz lozim bo‘ladi.

Davlatimiz rahbarining alohida e’tiborlari va g‘amxo‘rliklari hamda hayotbaxsh sa’yi-harakatlari tufayli boshqa viloyatlar qatorida Namanganimiz ham viloyat ahlining bunyodkorlik mehnati evaziga yurtimizning eng obod va taraqqiy etgan maskanga aylanmoqda.

Ayniqsa, qisqa vaqt ichida bunyod etilgan Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan 19 kilometrli tunnel qurilishini yakuniga yetkazilishi va Angren – Pop yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yilishi, hech shubhasiz, joriy yilning eng muhim voqeasi bo‘ladi. Bu yo‘lning ishga tushirilishi orqali nafaqat, viloyatimiz balki, Farg‘ona vodiysi ahlining eng ulug‘ orzu umidlari ushaladigan bo‘ldi.

Shuningdek, viloyatimizda qiymati 5 mlrd dollarga teng sanoatni rivojlantirish Dasturi qabul qilingani, To‘raqo‘rg‘onda issiqlik elektr stansiyasining bunyod etilayotgani, Pungon – Namangan avtomobil yo‘lining kengaytirilishi va boshqa shu kabi ezgu ishlar albatta, bizlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tiborning amaldagi ifodasi bo‘lmoqda.

Xurmatli marosim qatnashchilari!

Yurtboshimiz tomonlaridan joriy yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinib, davlat Dasturi qabul qilingani, unda “Sog‘lom ona va bola - baxtli oilaning asosi, baxtli oila - taraqqiy etayotgan davlat asosi” degan ulug‘vor g‘oyaning ifoda etilishi xalqimizni behad mamnun etmoqda.

Binobarin, Dasturda ayniqsa, onalarimizga, xotin-qizlarga bo‘lgan alohida hurmat-ehtirom, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, sog‘lom va hamjihat oilalarning qaror topishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Aziz do‘stlar! Navro‘z-yangi kun demakdir. Sharqiy taqvimga ko‘ra yil boshi hisoblangan Navro‘zda barchamiz qutlug‘ niyatlar qilamiz.

Kun bilan tun tenglashadigan, barcha ezgu niyat va istaklarimiz ijobat bo‘ladigan ulug‘ ayyom kuni arafasida, tabiiyki, har birimiz qalblarimizga xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi, Vatanimizning yanada ravnaq topishi yo‘lida olib boradigan ulkan maqsad va rejalarni jo etganmiz.

Ayni kunlarda bobodehqonlarimiz yaxshi niyatlar va orzu umidlar bilan yerga chigit qadamoqdalar. G‘allakorlarimiz esa xalqimiz rizq-ro‘zi bo‘lgan bug‘doy parvarishini obi-tobida amalga oshirmoqdalar. Shuningdek, dehqonchilikning handalagi hisoblangan pillachilik mavsumiga ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Betakror o‘lkamiz bo‘ylab kezayotgan Navro‘z ayyomining shukuhli lahzalarida, Yaratgandan ezgu niyatlar bilan qilinayotgan dehqonchiliklarimizni barakasini bersin, ona-tabiat o‘zining saxovatini arimasin deb so‘raymiz.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlardan ruhlanib, qalblarimizda beqiyos faxr va iftixor tuyg‘ulari bilan, ayniqsa, bu yil Vatanimiz mustaqilligining shonli 25 yilligi nishonlanadigan qutlug‘ yilda shu aziz Vatanimiz ravnaqi, uning yanada nurli, porloq kelajagi yo‘lida fidokorona mehnat qilish barchamizning asosiy vazifamiz bo‘lsin!

Sizlarni, Sizlar orqali viloyatimiz ahlini, yana bir bor – Navro‘zi olam bilan samimiy qutlar ekanmiz, yurtimizga tashrif buyurayotgan Navro‘z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu-saodat, fayzu-baraka olib kelsin deb tilak qilamiz.

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat!