DAVLAT VA XO’JALIK BOSHQARUVI ORGANLARINING JAMOATCHILIK BILAN ALOQALARINI RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO’G’RISIDA

(O’zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to’plami, 2006 y., 39-son, 389-modda)

Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari faoliyatining oshkoraligini ta’minlash, keng jamoatchilik va aholining O’zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning borishi to’g’risida muntazam xabardor qilish mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashning, oshkora fuqarolik jamiyati qurishning muhim yo’nalishi hisoblanadi.

Shu bilan birga, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining ushbu bosqichdagi ishlari axborotlar almashishning zamonaviy talablari va standartlariga hali to’liq javob bermaydi, zarur darajadagi faollik mavjud emas, yetarli tashabbuskorlik ko’rsatilmayapti.

Aholini, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarini O’zbekiston Respublikasi davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari faoliyati, mamlakatda izchil amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar to’g’risida xabardor qilish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiqaror qiladi:

1. Vazirliklar, davlat qo’mitalari, agentliklar, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, xo’jalik boshqaruvi organlari (keyingi o’rinlarda idoralar deb ataladi) tarkibida xodimlarning umumiy soni doirasida axborot xizmatlari tashkil etilsin, quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:

idora rahbariyati tomonidan belgilanadigan axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda qatnashish;

idora faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning milliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ta’minlash;

milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida idora faoliyatining dolzarb jihatlarini, tegishli sohadagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish masalalarini yoritish;

internet tarmog’ida idora veb-resurslarini tashkil etish, ularning samarali faoliyatini ta’minlash;

idora faoliyatiga nisbatan ijtimoiy fikrning ahvolini hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari pozitsiyasini tahlil qilish va ular to’g’risida idora rahbariyatini xabardor qilish.

2. Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmati to’g’risidagi Namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Yuqorida ko’rsatib o’tilgan idoralar:

ekspertizadan o’tkazish va keyinchalik tegishli idora rahbari tomonidan tasdiqlash uchun ikki oy muddatda Namunaviy nizom asosida idoralar axborot xizmatlarining nizomi va tashkiliy-shtat tuzilmasi loyihalarini ishlab chiqsinlar hamda ko’rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksiga kiritsinlar;

ikki oy muddatda axborot xizmatlarini jurnalistika, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil etish sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlasinlar;

axborot xizmatini uning ishlarini samarali tashkil etish uchun zarur bo’lgan zamonaviy moddiy-texnik baza bilan ta’minlasinlar;

axborot xizmatining idoraning boshqa bo’linmalari, idoraga qarashli tuzilmalar bilan zarur darajadagi o’zaro hamkorligini tashkil etsinlar;

axborot xizmatlari tomonidan mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muntazam ravishda (har oyda kamida bir marta) matbuot konferentsiyalari, brifinglar o’tkazilishini amalda joriy etsinlar;

bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarga ushbu qaror talablaridan kelib chiqadigan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritsinlar.

4. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi (R.S.Qosimov) O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 7 avgustdagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy axborot vositalari sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash Davlat dasturini amalga oshirish doirasida idoralarning axborot xizmatlari xodimlarini o’qitish va ularning malakasini oshirishni tashkil etsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosarlari A.N. Aripov va R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. MIRZIYoEV

Toshkent sh.,

2006 yil 22 sentyabr,

203-son

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 22 sentyabrdagi 203-son qaroriga ILOVA

 

Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmati to’g’risida

NAMUNAVIY NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Axborot xizmati (keyingi o’rinlarda Xizmat deb ataladi) davlat va xo’jalik boshqaruvi organi (keyingi o’rinlarda idora deb ataladi) markaziy apparatining tarkibiy bo’linmasi hisoblanadi.

2. Xizmat o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga va boshqa hujjatlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, idoraning normativ hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.

3. Xizmat o’z faoliyatini idoraning hududiy va tarkibiy bo’linmalari hamda respublikaning boshqa vazirliklari va idoralari tegishli xizmatlari bilan o’zaro yaqin hamkorlikda amalga oshiradi.

II. Xizmatning asosiy vazifalari

4. Quyidagilar Xizmatning asosiy vazifalari hisoblanadi:

idora rahbariyati tomonidan belgilanadigan axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda qatnashish;

idora faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning milliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ta’minlash;

milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida idora faoliyatining dolzarb jihatlarini, tegishli sohadagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish masalalarini yoritish;

internet tarmog’ida idora veb-resurslarini tashkil etish, ularning samarali faoliyatini ta’minlash;

idoraga nisbatan ijtimoiy fikrning ahvolini hamda mahalliy, respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalari munosabatini tahlil qilish va ular to’g’risida idora rahbariyatini xabardor qilish.

III. Xizmatning funktsiyalari

5. Quyidagilar Xizmatning asosiy funktsiyalari hisoblanadi:

Xizmat oldida turgan vazifalarni samarali hal etish uchun zarur bo’lgan axborotlarni idoraning boshqa bo’linmalari bilan o’zaro hamkorlikda to’plash va ishlash;

ommaviy axborot vositalari uchun xabarlarni (press-relizlar, byulletenlar, obzorlar va shu kabilarni) tayyorlash va tarqatish;

idora faoliyatiga doir masalalar bo’yicha bosma materiallarni tayyorlash hamda milliy va xorijiy nashrlarda e’lon qilish, tele va radioeshittirishlarni tashkil etish, tegishli sohadagi davlat siyosatini amalga oshirish;

idora rahbariyati va xodimlarining ommaviy axborot vositalari vakillari bilan matbuot konferentsiyalari, brifinglari, musohabalari va boshqa uchrashuvlarini tashkil etish;

idora faoliyatiga doir masalalar bo’yicha ijtimoiy fikrni hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari pozitsiyasini o’rganishga doir tahliliy ishlarni amalga oshirish. Idora rahbariyatiga axborot berish uchun e’lon qilingan dolzarb materiallar sharhlarini tayyorlash;

ommaviy axborot vositalari bilan axborot-ma’lumotnoma ishlarini amalga oshirish uchun idora faoliyatining asosiy yo’nalishlari bo’yicha tahliliy, statistik va boshqa materiallarning tizimlashtirilgan ma’lumotlar bankini tashkil etish;

idora faoliyatini eng to’liq va xolisona yoritish maqsadida milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlar bilan o’zaro hamkorlikni amalga oshirish;

internet tarmog’ida idoraning veb-saytini tashkil etish va uni zamonaviy darajada saqlash.

6. Xizmat o’z vakolatlari doirasida milliy va xorijiy axborot agentliklari hamda ommaviy axborot vositalarining idora faoliyati to’g’risidagi materiallarni tayyorlashda ko’maklashish to’g’risidagi buyurtmanomalari va so’rovlarini ko’rib chiqadi.

IV. Xizmatning huquqlari

7. Xizmat o’ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Xizmatning vazifalari va funktsiyalarini bajarish uchun zarur bo’lgan axborotlarni idoraning boshqa bo’linmalaridan, idoraga qarashli tashkilotlardan belgilangan tartibda so’rab olish;

idoraning yig’ilishlarida, majlislarida va boshqa tadbirlarida qatnashish;

qo’yilgan vazifalarni bajarish uchun idora rahbari bilan kelishgan holda idoraning boshqa bo’linmalari xodimlarini, shuningdek boshqa tashkilotlarning mutaxassislari va ekspertlarini jalb etish, shu jumladan kontrakt asosida jalb etish;

boshqa idoralarning axborot xizmatlari bilan belgilangan tartibda o’zaro hamkorlik qilish;

rahbariyatning topshirig’iga ko’ra davlat organlarida, respublika va xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan tadbirlarda Xizmat vakolatiga taalluqli masalalar bo’yicha idora nomidan vakillik qilish;

o’z vakolatlari doirasida bosma nashrlarni nashr etish;

idoraning axborot siyosatini takomillashtirishga doir takliflarni, Xizmat faoliyati masalalari bo’yicha normativ hujjatlar loyihalarini rahbariyatning ko’rib chiqishi uchun kiritish.

V. Xizmat faoliyatini tashkil etish

8. Xizmat xodimlari soni u amalga oshiradigan vazifalarning murakkabligi va hajmiga ko’ra idora rahbari tomonidan, xodimlarning tasdiqlangan umumiy soni doirasida belgilanadi.

9. Xizmat faoliyati idora rahbari tomonidan tasdiqlanadigan ishlar rejasi asosida tashkil etiladi.

10. Xizmatni idora rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rahbar boshqaradi. Xizmat rahbari ayni bir vaqtda idora rahbarining matbuot kotibi hisoblanadi.

Xizmat rahbari:

Xizmat faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda Xizmatga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

Xizmat faoliyatini tashkil etadi, rejalashtiradi va nazorat qiladi, idoraning boshqa bo’linmalari bilan o’zaro hamkorlikni amalga oshiradi;

Xizmatda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo’yishni ta’minlaydi, xodimlar o’rtasida vazifalarni taqsimlaydi;

Xizmat xodimlarining malakasini va kasb bo’yicha saviyasini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

11. Xizmat xodimlari Xizmat rahbarining taqdimnomasiga ko’ra belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

12. Xizmat faoliyatining axborot, huquqiy, moddiy-texnik va transport ta’minoti, shuningdek uning xodimlariga ijtimoiy-maishiy xizmat ko’rsatish idoraning tarkibiy bo’linmalari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Microsoft Word ko'rinishida ko'chirb olish (65,5 KB)