Assalomu alaykum, aziz hamyurtlar!

Hurmatli bayram tantanasi ishtirokchilari!

Maftunkor va betakror, qiyosi va tengi yo’q yurtimizda istiqlolimizning qutlug’ 25 yillik ayyomi yaqinlashib, dillarni yanada munavvar etayotgan mana shunday shukuhli kunlarda diyorimiz bayramona bezanib, o’zgacha ko’rku - tarovat ila chiroy ochmoqda.

Bunyodkor xalqimiz, ta’bir joyiz bo’lsa har birimiz mustaqil Vatanimizning chorak asrli sanasini baland ruh, ko’tarinki kayfiyat bilan tantana qilmoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, qalbimizda kechayotgan olijanob his - tuyg’ularni namoyon etib, Siz azizlarni, Sizlar orqali viloyatimiz ahlini biz uchun eng ulug’ va eng aziz bo’lgan O’zbekistonimizning Mustaqillik kuni, istiqlolning 25 yilligi bayrami bilan samimiy tabriklaymiz.

Aziz hamyurtlar! Xammangizni xabaringiz bor Mustaqil O’zbekistonimizning bugungi kunlarga yetib kelishi oson kechmadi. Ayniqsa, mustaqillikning dastlabki yillarida  biz o’ta og’ir, mashaqqatli va sinov yo’llarini bosib o’tdik.

O’sha tahlikali yillardagi og’ir holatlar, notinch vaziyat, bir guruh qabiq niyatli manfaatparast, alamzada kishilarning yurtimizdagi vaziyatni izdan chiqarishga uringani va bu orqali dunyo hamjamiyatidan o’z o’rnini topishga intilayotgan yosh davlatimizning obro’siga putur yetkazishga,  uni o’zi tanlagan yo’lidan  qaytarishga harakat qilingani xotiramizdan o’chgani yo’q.

Ayniqsa, mash’um “Namangan voqealari”, bir guruh qora niyatdagi kuchlarning hatti - harakatlari, qaramlikka asoslangan mustabid tuzumdan yangi bir tarixiy davrga o’tish – mustaqil davlat barpo etish yo’lidagi og’ir sinovlardan biri bo’ldi.

Davlatimiz rahbari misli ko’rilmagan jasorat ko’rsatib, aqidaparstlik g’oyalari bilan ongi zaharlangan, jazavaga tushgan, johil olomon orasiga shijoaat va shiddat bilan hamrohlarsiz kirib borgani va vaziyatni ijobiy tomonga, olomonni yaratuvchanlikka, murosaga moyil etgani hamon yodimizda.

O’shanda Muhtaram Yurtboshimiz o’zlarining mustahkam irodasi, aql - idroki, qat’iyat va salobati bilan ana shu va shu kabi qaltis vaziyatlarda, mavjud xavf - xatarlarni bartaraf etdi  va bu orqali nafaqat, Namangan, balki, Vatanimiz ozodligi va hurriyatini saqlab qoldi.

Muhtaram Prezidentimizning mislsiz jasorati va matonati evaziga qo’lga kiritilgan Vatanimizning Mustaqillik 25 yilligini nishonlar ekanmiz, hayotimizda chuqur iz qoldirgan, biz bosib o’tgan tarixan qisqa davrda nimalarni boshimizdan kechirdik, nimalarga erishdik, ta’bir joiz bo’lsa, “Biz kecha kim edigu bugun kim bo’ldik?” degan ulug’ taqqoslar beixtiyor xayolimizdan o’tishi tabiiydir.

Shuning uchun ham Mustaqillik, Istiqlol avvalo, xalqimizga erkinlik va ozod hayotni bergani, insoniy sha’nimiz, milliy ongimiz, qadr - qimmatimizni tiklab, barchamizga o’zligimizni anglash tuyg’usini, tilimiz, muqaddas dinimizni, qadriyat va urf - odatlarimizni qaytarib bergani bilan eng aziz va eng mukarram sanadir.

Hurmatli  tantanali marosim ishtirokchilari!

Istiqlolning dastlabki, yilarida “O’zbekiston – kelajagi buyuk davlat!” shiori ostida boshlangan islohotlar biz tanlagan va mashhur besh tamoyilga asoslangan taraqqiyot modelining naqadar haqqoniy va samarali ekani biz qurayotgan yangi demokratik jamiyat, iqtisodiyotimiz rivojlanishining barqaror, barchani hayratda qoldirayotgan sur’atlarida, xalqimizning hayot darajasi va sifati ortib borayotganida o’zining amaliy tasdig’ini topmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan yosh avlod uchun yaratilgan ulkan sharoitlar farzandlarimizning orzulariga qanot bag’ishlab, ularni yangi - yangi marralar sari ruhlantirmoqda.

Yoshlarimizga berilayotgan alohida e’tibor, ko’rsatilayotgan g’amxo’rliklar ta’lim va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar navqiron avlodni dunyoda hech kimdan kam bo’lmagan va kam bo’lmaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazishda muhim omil bo’lmoqda.

Xabaringiz bor, yaqinda  Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo’lib o’tgan XXXI yozgi Olimpiya o’yinlarida mustaqil yurtimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, istiqlolimizning qutlug’ 25 yillik bayramiga munosib sovg’a sifatida Vatanimizga 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medallarini olib qaytdilar.

Dunyoning 206 ta davlatidan qatnashgan sportchilar o’rtasida o’tkazilgan  Olimpiada o’yinlarida mustaqil yurtimiz sportchilari 13 ta medal jamg’arib, umumjamoa hisobida Jaxonda 21-o’rinni band etdilar. O’zbekiston sport delegatsiyasi Osiyo davlatlari orasida to’rtinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida birinchi o’rinni egalladi. 

Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab, Muhtaram Yurtboshimizning uzoqni ko’zlab  davlatimizda sport sohasini tizimli ravishda  rivojlantirish bo’yicha olib borgan sa’y – harakatlari, soha rivojiga bergan alohida e’tiborlari va g’amho’rliklari hamda orzu intilishlarining ro’yobi sifatida “o’zbek o’g’lonlari”  dunyoda hech kimdan kam emasliklarini amalda isbotlab, ana shunday yuksak marralarni zabt etdilar.

Jahon sport muxlislari e’tiborini mustaqil O’zbekistonga qaratgan sportchilarimiz safida Namangan tarixiga zarhal harflar bilan nomini yozishga munosib xizmat qilgan Olimpiada ishtirokchisi, boks bo’yicha bronza medali sovrindori hamyurtimiz, Chustlik Murodjon Axmadalievning borligi barchamizning qalbimizga olam - olam quvonch, yuksak g’urur va iftixor baxshida etdi.

Muhtaram Prezidentimizning “O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligi-ning yigirma besh yilligi munosabati bilan mukofotlash to’g’risida”gi Farmonlari asosida Boks bo’yicha O’zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, hamyurtimiz Ahmadaliev Murodjon Qahhor o’g’li ham  “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Fursatdan foydalanib, Murodjonni, uni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota - onasini, uning ustoz va murabbiylarini ushbu yuksak yutuqlar bilan viloyatimiz ahli  nomidan  chin dildan samimiy tabriklaymiz va  kelgusida bundan-da ulkan natijalarni qo’lga kiritishida  omadlar tilaymiz.

Shuningdek, O’zbekiston yoshlari xalqaro miqyosda o’tkazilayotgan turli nufuzli tanlovlar, festivallar, fan olimpiadalari, ham ishtirok etib, biz aslida kimligimiz, qanday buyuk ajdodlarning vorislari ekanimizni dunyo ahliga isbot etmoqdalar.

Jumladan, yaqinda yurtimizning iqtidorli yoshlari Singapurda matematika fanidan o’tkazilgan Jahon olimpiadasida 5 ta oltin medalni, Tibilisida kimyo fani bo’yicha bo’lib o’tgan Jahon olimpiadasida 1 ta kumush va 2 ta bronza medallarni qo’lga kiritish orqali ular ulug’ ajdodlarimiz bo’lgan Muhammad Xorazmiy va Abu Ali ibn Sinoga munosib voris ekanliklarini namoyon etmoqdalar.

Hurmatli yurtdoshlar! Aynan Yurtboshimizning sa’y – harakatlari tufayli  erishilgan mustaqillik sharofati bilan xalqimiz avvalo, eng ulug’ ne’mat – tinch va osuda hayot kechirmoqda.

Tarixan qisqa davr mobaynida amalga oshirilgan olamshumul ishlar orqali davlatimiz iqtisodiy qudrati yuksalib, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tobora chiroy ochib, obod va ko’rkam bo’lib borayotgani holda bugun O’zbekistonimiz rivojlangan davlatlar qatorida dadil  odimlamoqda

Buning amaliy isbotini mamlakatimizning qudrati va iqtisodiy salohiyati tobora ortib, yalpi ichki mahsulotimizning o’sish sur’atlari oxirgi 11 yil davomida jahondagi sanoqli davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo’lmasdan kelayotganida, aholimizning hayot darajasi va sifati yuksalib borayotganida ham  yaqqol ko’rishimiz mumkin. 

Davlatimiz rahbarining “2016 – 2019 yillarda Namangan viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish Dasturi to’g’risida”gi qarori hudud ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Unda umumiy qiymati qariyb 5,1 milliard AQSH dollariga teng 342 ta loyihani ro’yobga chiqarish ko’zda tutilgan.

Viloyatimizda o’tgan davr mobaynida mazkur qarorda belgilangan umumiy qiymati 16 mln. AQSH dollariga teng bo’lgan  55 ta loyiha ishga tushirilib, natijada  1100 dan ziyod yangi ish o’rinlari yaratildi.

Bu ishlar  davom ettirilib, yil yakuniga qadar yana  150   ta   83,2 mln dollarlik loyihalar ishga tushiriladi.

Birgina qaror doirasida Uchqo’rg’on tumanida 2 ta yirik loyiha “Uz teks Uchqo’rg’on” va “Uchqo’rg’on tekstil”  korxonalarini topshirilishi orqali yangi 1600  nafar ish o’rinlari yaratilishini ta’minlandi.

Shuningdek, Davlatimiz rahbarining ushbu qarori bilan To’raqo’rg’on tumanida umumiy qiymati 1 milliard 195 million 900 AQSH dollariga teng bo’lgan zamonaviy bug’-gaz turbinasini ishga tushirilishi orqali Farg’ona vodiysining elektr energiyasi ta’minotiga bo’lgan extiyoji  uzul - kesil hal qilinadi.

Bundan tashqari, Vatanimiz tarixidagi ulkan voqea   “Asr mo’’jizasi” deb ta’rif olgan umumiy uzunligi 123 kilometrdan iborat “Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yo’lini foydalanishga topshirilib,  yo’lovchi va yuk poezdlari qatnovini yo’lga qo’yilishi buyuk davlatimiz bunyodkorlik salohiyatining amaliy namoyishi bo’ldi.

Dengiz sathidan 2200 metr balandda, 19,1 kilometrli Qamchiq tunnelidan “Buyuk ipak yo’lini” bog’lovchi temir yo’l liniyasi o’tkazilib kelgusida yurtimiz va Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari, boshqa mamlakatlarning ham Yevropa mintaqasiga chiqishi, savdo - iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishida muhim o’rin tutadi.

Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo’lini foydalanishga topshirilishi hamda temir yo’lda yo’lovchi va yuk poezdlarining qatnovini yo’lga qo’yilishi Farg’ona vodiysi viloyatlarining iqtisodiyoti, infratuzilmasini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ana shunday ulug’vor bunyodkorliklarga boy O’zbekistonimizda o’tayotgan har bir yilimiz viloyatimiz  hayotida ham o’chmas iz qoldirmoqda.

Agar  qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan keng ko’lamli bunyodkorliklarga to’xtaladigan bo’lsak, viloyatimiz, tumanlarimiz markazlari, eng chekka qishloqlarimiz qiyofasi tanib bo’lmas darajada o’zgardi va o’zgarmoqda.

Yoshlarimizning barkamol insonlar bo’lib voyaga yetishlari yo’lida   joriy yilning o’zida 21 ta  umumta’lim maktablari, 7 ta  kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, 13 ta maktablar uchun sport zallari, 2 ta  bolalar va o’smirlar sport maktabi hamda 2 ta bolalar musiqa va san’at maktablari, 25  ta maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilib, foydalanish uchun farzandlarimiz ixtiyoriga berildi ushbu maqsadlarga 96,0 mlrd.so’mdan ziyod mablag’lar yo’naltirildi.

Viloyatimiz markazida tamomila yangicha qiyofa kasb etgan 10 dan ziyod favvoralar, Bobur shoh ko’chasida yangi bunyod etilgan  33 ta ko’p qavatli uylar foydalanishga topshirilmoqda. Uychi ko’chasida esa 25 ta ko’p qavatli uylar qurilishi boshlandi.

Shuningdek, hozirgi kunda Uychi tumanida loyixa qiymati qariyib 13,0 mln.dollarli “Qizil Ravot-2” nasos stantsiyasi qurilib foydalanishga topshirish marosimi bo’lib o’tib, 20 ming gektar ekin maydonlarini kafolatli sug’orish imkoni yaratildi.

Barcha tumanlarda  joriy yilda qad rostlagan 911 ta namunaviy uy - joylardan 700 tasi aynan, eng ulug’, eng aziz bayram arafasida foydalanishga topshirilib, egalari yangi, zamonaviy uylarga ko’chib kirishmoqda.

Yuqoridagi amalga oshirilayotgan ishlardan asosiy maqsad Yurtboshimizning uzoqni ko’zlab, eng chekka qishloq hududlarini  ham rivojlantirish, ularni ham shahar, tuman markazlari darajasiga tenglashtirishdir.   

Mazkur bayram arafasida  shahar-u, tumanlarimizda barpo  etilgan  jami  150 dan ziyod mustaqillik ob’ektlari xalqimiz uchun bayram tuhfasi sifatida topshirilmoqda.

Aziz do’stlar!  Ana shunday ko’tarinkilik bilan qarshi olinayotgan bu yilgi qutlug’ bayramimiz “Go’zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido O’zbekistonim!” degan ezgu g’oya asosida  nishonlanayotgan yilda bayram shodiyonalari ko’plab yurtdoshlarimiz, ularning oila - a’zolari hayotida ham unutilmas iz qoldirmoqda.

Xususan, Yurtboshimizning Farmon-lariga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 25 yilligi  munosabati bilan el - yurt oldidagi samarali mehnatlari, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash hamda iqtisodiy qudratini oshirishga, shaxsiy ibrati bilan xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qo’shgan, mehnatsevarligi, Vatanparvarligi, jamoat ishlaridagi faolligi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo’ldilar.

Quvonarlisi, ularning orasida viloyatimizdan 23 nafar turli sohalarning eng ilg’or vakillari bor.

Fursatdan foydalanib, viloyatimiz ahli nomidan yuksak mukofotlar bilan taqdirlanganlarni chin qalbimizdan  muborakbod etamiz!

Bundan tashqari, bu yil qutlug’ bayram munosabati bilan Muhtaram Prezidentimiz-ning Farmonlari asosida ta’sis etilgan “O’zbekiston mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni bilan 1782 nafar hamyurtlarimiz  taqdirlandilar. Ularni ham ushbu nishon bilan chin dildan tabriklaymiz.

Qadrli tantanali marosim qatnashchilari!

Muhtaram Prezidentimizning viloyatimizga qilgan qutlug’ tashriflari chog’ida “Namanganni haqiqiy Namangan qilgan uning ko’pni ko’rgan, mehnatkash va pok niyatli xalqi”, shuningdek, “Namangan ayollari va xotin - qizlariga berilgan yuksak baho va ta’riflar” yoki “Namanganliklar xattoki, farzand-larini ham Sizlab, katta xurmat qiladilar” - degan so’zlari butun xalqimizni ruxlantirib,  bunyodkorlikka, yaratuvchanlikka, katta marralarga erishishga undamoqda.

Davlatimiz rahbarining viloyatimizga bo’lgan alohida mehr va e’tiborlarini  chin dildan his etib, u kishining e’tiroflariga munosib bo’lish ahdi ozod va obod Vatan qurish, hur diyorimizning yanada ravnaq topishi va gullab - yashnashiga munosib hissa qo’shish istagi har bir namanganlikning azmu qarori va shijoatiga aylandi.

Muxtaram Yurtboshimiz oldimizga oliy maqsad qilib - O’zbekistonni eng tarqqiy etgan davlatlar darajasiga olib chiqishday ulug’vor vazifa etib belgilab berdilar.

Joriy yilning yanvar oyida Vazirlar Mahkamasida o’tkazilgan “2015 yil yakunlari va 2016 yilgi ustuvor vazifalar”ga bag’ishlangan yig’ilishda mamlakatimiz taraqqiyotining 2030 yilgacha bo’lgan kontseptsiyasi yo’nalishlarini belgilab berdilar.

Fursatdan foydalanib, mazkur tadbirda ishtirok etayotgan keng jamoatchilik vakilari, ziyolilar, faollar, xalq vakillari, hamyurtlarimizni,  qolaversa, butun Namangan ahlini  bir yoqadan bosh chiqarib, hamjixatlikda ana shu ezgu ishlarni amalga oshirishga chaqiramiz.

Aziz hamyurtlar! Mana shunday qutlug’ lahzalarda Sizlarni, Sizlar orqali viloyatimiz ahlini yana bir bor istiqlolimizning shonli 25 yillik bayrami bilan samimiy qutlaymiz.

Barchalaringizga shu aziz, go’zal va betakror, muqaddas Vatanimiz ravnaqi yo’lidagi sa’y - harakatlaringizda g’ayrat va shijoat hamda omadlar tilaymiz.

Yurtimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy bo’lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat!

Microsoft Word ko'rinishida ko'chirib olish (80,5 KB)