Chop etish

Namangan shahrida O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma to’rt yilligi hamda “Keksalarni e’zozlash yili” bag’ishlangan an’naviy “Gul bayrami” bo’lib o’tmoqda.

Joriy yil 55 marotaba tashkil etilayotgan "Gul bayrami" bu gal har qachongidan ko’ra yuksak tashkiliy tayyorgarlik va ijodiy yondashuv bilan o’tkazilmoqda.

Tinchlik va taraqqiyot, ozodlik va obodlik sharofatidan baxtu quvonch maskaniga aylangan mamlakatimizda bayramlar ko’p, ammo gul bayrami faqat Namanganimizdagina davom etib kelayotgani faxrli, iftixorli.

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog’i havaskor va usta gulchilar, shuningdek, ta’lim va tibbiyot muassasalari va korxona, tashkilotlar jamoalari tomonidan bezatilib, bayramona tus berildi. Gullar namoyishida gul savdosi avjga chiqdi. Quvonarlisi yangi gul navlari birinchi bor sayil ishtirokchilariga taqdim etildi.

Bayram tadbirlari erta tongdan viloyat bosh maydonidagi "Tinchlik stellasi" oldidagi istirohat bog’ining ramziy darvozasidan boshlandi.

An’naviy bayramning tantanali ochilish marosimida Namangan shahar madaniyat va sport ishlari bo’limi tomonidan tayyorlangan badiiy kompozitsiya namoyish etildi.

Bog’ ichidagi ajib bir manzara bayramga kelgan har bir mehmonlar, fuqarolarning olqishiga sazovor bo’lmoqda.

Xalqimizning eng ulug’, eng aziz ayyomi – istiqolimizning qutlug’ 24 yilligi bayrami arafasida tashkil etilayotgan an’anaviy gul bayrami yuraklardagi yaratuvchilik ishtiyoqiga yana shahd, shijoat bag’ishlamoqda.

Tadbirlar doirasida istiqlol bayramining yigirma to’rt yilligiga bag’ishlab mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari, milliy taomlar festivali, kiyimlar dizayni ko’rigi, san’atkorlar tanlovi, gul yetishtirish bo’yicha alohida nominatsiyalarda tanlovlar o’tkazilmoqda.

An’anaviy gul bayramining tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi B.Yusupov ishtirok etdi.

Bayram sayili davom etmoqda.

Axborot xizmati