Chop etish

Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatrida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosim bo’lib o’tdi.

Unda shahar va tumanlar hokimlari, viloyat davlat va jamoat tashkilotlari, korxona, muassasalarning rahbarlari,keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Viloyat hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi Bahodir Yusupov marosim ishtirokchilarini qutlug’ sana munosabati bilan muborakbod etib, jamiyat hayotining barcha qirralarini qamrab olgan bosh qomusimiz mamlakatimiz mustaqilligining yigirma uch yilida bosib o’tgan taraqqiyot yo’li, jahon hamjamiyatida o’zining munosib o’ringa ega bo’lgani, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda erishilgan ulkan yutuqlarga poydevor, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyat qurishi yo’lini yorituvchi mash’ala bo’lib kelayotganligini ta’kidladi.

Shuningdek, viloyat adliya boshqarmasi boshlig’i S.Nuriyev Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati, uning xalqaro demokratik tamoyillar va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan qirralari hamda umum-taraqqiyotimizdagi muhim ahamiyatini atroflicha sharhlab berdi. Tantanali marosimda davlatimiz mustaqilligining 23 yilligi bayrami arafasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan yuksak mukofotlar bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga orden va medallar hamda faxriy unvon nishonlari topshirildi.

Marosimning badiiy qismida viloyat san’atkorlari, talaba va o’quvchi yoshlar ishtirokidagi “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” nomlikatta kontsert dasturi namoyish etildi.

Tantanali marosimda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A.Ikramov ishtirok etdi.

Manba: Axborot xizmati