Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida qizg‘in davom etayotgan va dunyoning ikki yuzga yaqin davlati ishtirok etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar ham mustaqil Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda.

Ulardan biri yosh bokschi, xalqaro toifadagi sport ustasi, besh karra O‘zbekiston chempioni Murodjon Ahmadaliyevning 56 kilogramm vazn toifasida yarim final bahsida kubalik raqibi – Olimpiada chempioni Robeysi Ramiyes bilan uch raund oxirigacha munosib kurash olib borib, bronza medalini qo‘lga kiritgani ham nufuzli xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar qatori milliy olimpiyamiz tarixiga o‘ziga xos sahifa bo‘lib qo‘shildi.

Murodjon Ahmadaliyev o‘tgan yili Qatar davlatining Doha shahrida boks bo‘yicha bo‘lib o‘tgan XVIII jahon chempionatida Italiya, Qozog‘iston, Tailand va  irlandiyalik raqiblarini yengib, kumush medal va “Rio-2016” Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.

Namangan viloyati Chust tumanda tug‘ilgan Murodjonning bolalikdan sportchi bo‘lishdek ezgu orzulariga mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama kamol topishi, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida ko‘rsatilayotgan cheksiz g‘amxo‘rliklar, ta’lim va fan, sport, san’at va boshqa sohalarda iqtidorlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar qanot bag‘ishlab, yuksak parvozlarga da’vat qildi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining sport, xususan bolalar sportini rivojlantirishga qaratayotgan alohida e’tibori bilan mustaqillik yillarida mamlakatimiz sportining moddiy texnika bazasi jahon andozalari darajasida mustahkamlandi va bu havaskor yoshlarni professional sportchi darajasida tarbiyalash, jahon va olimpiya chempionalarini yetishib chiqishi, sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishiga xizmat qilmoqda.

Shu jumladan, Namangan viloyatida ham bugungi kunda uch mingdan ziyod  zamonaviy sport inshootida 300 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz sportning o‘zi sevgan turi bilan shug‘ullanib, jismonan chiniqmoqda. Yaratilgan bunday keng imkoniyatlar samarasida o‘tgan yilning o‘zida yosh sportchilar tomonidan mamlakatimiz va jahon miqyosidagi chempionat va turnirlarda 367 ta oltin, 354 ta kumush, 512 ta bronza medal qo‘lga kiritdi.

Yigirma ikki yoshlik Murodjon esa namanganlik yoshlar orasida birinchi bo‘lib Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan va mazkur nufuzli musobaqa shohsupasining g‘oliblar pog‘onasidan birini egallagan bokschi. Murodjonning bu yutug‘iga 2010-2015 yillar mobaynida Farg‘ona, Toshkent, Qozog‘iston, Armaniston, Rossiya, Bolgariya, Belarus, Turkiya, Kuba, Tailand, Braziliya, Germaniya, Janubiy Koreya, Qatar davlatlarida o‘tkazilgan turnirlar, Osiyo chempionati, Jahon chempionati va Jahon Kubogi singari respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalardagi yuqori natijalari yuksalish pog‘onasi bo‘lib xizmat qildi.

Uning ota-onasi – faxriy o‘qituvchilar Qahhorjon Ahmadaliyev hamda Oyshaxon Fayozovalarni muborakbod etish uchun borganimizda yosh bokschi tug‘ilib o‘sgan hovli qarindoshlari, yaqinlari, do‘stlari, mahalladoshlari, ustozlari bilan gavjum edi.

– Kecha tundan buyon o‘g‘limning muvaffaqiyati bilan tabriklovchilar qo‘ng‘irog‘ining keti uzilmaydi, – deydi  Murodjonning otasi, xalq ta’limi faxriysi Qahhorjon Murodov. – Uning ringga chiqishini nafaqat viloyatimiz, balki butun mamlakatimiz kutib turganligini bilib to‘lqinlanib ketdim: Murodjonning zimmasidagi mas’uliyat va sharaf shunchalik ulkanligini his etmagan ekanman chog‘i. Jahon e’tiborini mustaqil O‘zbekistonimizga qaratayotgan sportchilarimiz safida turgan shunday o‘g‘lim borligidan faxrlanaman va farzandlarimiz kamoli yo‘lida beqiyos imkoniyatlar yaratib berayotgan muhtaram Yurtboshimizga oilamiz nomidan cheksiz minnatdorchiligimizni bildiraman. Murodjon to‘rt yildan so‘ng Yaponiyada bo‘ladigan navbatdagi Olimpiada ham ishtirok etib, bu safar albatta, oltinni medal bilan qaytishiga ishonaman.

– Murodjonni maktabimizga olib kelganlarida u 6 yoshda edi, – deydi yosh sportchining birinchi murabbiyi Ilhomjon Mirzaxolov. – Biroq, ko‘zida g‘ayrat-shijoat, sportga bo‘lgan ishtiyoq uning bu yo‘ldagi yorug‘ kelajagidan nishona edi. Tez orada u guruxning eng peshqadam o‘quvchisiga aylandi. Bunday intiluvchan yoshlar bilan ishlash murabbiylar uchun ham sharaf.

Axborot xizmati