Chop etish

Namangan viloyatida “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostidagi salomatlik kunlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi muvofiq o‘tkazilayotgan mazkur tadbir Namangan shahar markaziy poliklinikasida boshlandi. Shu munosabat bilan aholi va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, xususan, xotin-qizlar, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

 – Bu mamlakatimizda “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostidagi ijtimoiy aksiya joriy yilning o‘zida uchinchi marta o‘tkazilayotganida ham  yorqin ifodasini topmoqda, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov. – Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan navbatdagi ommaviy tibbiy ko‘rik davomida respublikamizning yetakchi tibbiyot markazlari va ilmiy muassasalarining shifokor-olimlari tomonidan Namangan shahri, Mingbuloq, Norin, Yangiqo‘rg‘on, Chortoq va Chust tumanlarining markaziy poliklinikalarida qolgan barcha tumanlarni qamrab olgan holda aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Mazkur muassasalarda tadbirning yuqori saviyada tashkil qilinishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi va viloyatimizning shifokor-mutaxassislari ham jalb etildi. 

Haftalikning dastlabki ikki kunida ikki ming nafarga yaqin kishi malakali kardiolog, terapevt, oftalmolog, stomatolog, nevropatolog, travmatolog va boshqa shifokorlar tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tadbirda kam ta’minlangan oilalar vakillari, yolg‘iz qariyalar va nogironlar tibbiy tekshiruviga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kasalligi aniqlangan bemorlarga tegishli tashxis asosida tibbiyot muassasalarida davolanish uchun yo‘llanma berilmoqda.

Axborot xizmati