Chop etish

Jannatmakon yurtimizning barcha go‘shalarida mamlakatimiz mustaqilligining 25 yillik ayyomiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari avjida. Namanganda ham  eng ulug‘ va eng aziz  bayramni ko‘tarinki kayfiyatda qarshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 10 avgustdagi farmoyishiga asoslangan viloyat hokimining 20-21 avgust kunlari umumxalq xayriya hasharini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoyishi barcha namanganliklarni bir maqsad yo‘lida jamladi.

Gullar shahrida go‘zal bir an’ana bor.  Yurtni, mahalla-ko‘yni obod etishdan hech bir inson chetda qolmaydi. Bugungi xayrli tadbirda ham 1 million 300 ming nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Qilingan mehnat natijasida, 2 ming 80 gektar joy obodonlashtirilib, 8 ming  80 kilometrli ariq-zovurlar tozalandi va 755 ta ziyoratgoh hamda qabriston tartibga keltirildi.

-Hashar xalqimizga xos bo‘lgan umuminsoniy fazilatlarni ulug‘lovchi asriy an’analarimizdan. Bugungi tadbir davomida ham 2 ming 50 nafar urush va mehnat fronti faxriylari, keksa va nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan yordamga muhtoj insonlarning 37 ming 800 metr kvadrat yerlari ta’mirlab berildi. Bayram munosabati bilan 84 ta maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari aholi ixtiyoriga topshirildi, -deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyat bo‘limi raisi M. Hadjayev.

Qizg‘in davom etayotgan xayriya hasharida Viloyat hokimligining barcha xodimlari ham faol ishtirok etdilar. Shahar markazidagi  Mustaqillik  maydonini yanada ko‘rkam qiyofaga keltirish maqsadida daraxtlar va gulzorlarga ishlov berib, ko‘ngildagi obodlikni yurt qiyofasiga ko‘chirishdi.

Hozirda umumxalq xayriya hashari viloyatning barcha tuman, mahalla, xiyobon, korxona va tashkilotlarida uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Axborot xizmati