Namanganda belbog‘li kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Respublika Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Namangan, Xorazm, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent, Farg‘ona, Andijon viloyatlari va Toshkent shahridan 300 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.

Yakka kurash sport turlari ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida ikki kun davom etgan bellashuvlarda polvonlar 48 kilogrammdan 100 kilogrammgacha bo‘lgan 23 ta vazn toifasida  g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, belbog‘li kurash yo‘nalishida Namangan viloyatidan Bobur Mahkamov, Abdurasul Habibullayev, Otabek Soyibboyev, Andijon viloyatidan Husniddin Ro‘ziyev, Toshkent shahridan Muslim Ahmadjonov, Farg‘ona viloyatidan Zaynobiddin Ortiqov, Bobur To‘xtasinov o‘z vazn toifasida barcha raqiblaridan ustun keldi.

Belbog‘li kurashning erkin yo‘nalishida erkaklar o‘rtasida Namangan viloyatidan G‘iyosjon Mamasiddiqov, Iskandar Ismoilov, Murodjon Abbosov, Toshkent viloyatidan Sanjar Qo‘chqorov, G‘olibjon Ahmedov, Xorazm viloyatidan Rahmatjon Shomurodov, Andijon viloyatidan Jasurbek Isroilov, Farg‘ona viloyatidan Obidali Mavlonov chempionlik maqomiga ega bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasida kechgan bellashuvlarda Dilshoda To‘raboyeva (Namangan), Shahzoda Ergasheva, Maftuna Ahmedova, Anife Kurtseidova (Andijon), Gulmira Ismatova (Samarqand), Nafisa Ahmadjonova (Toshkent shahri), Gulhayot Mamatqulova (Farg‘ona) oltin medalga sazovor bo‘ldi.

G‘oliblar shu yilning oktabr oyida Rossiyada bo‘lib o‘tadigan belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Axborot xizmati