Namangan viloyatida korxona, tashkilot va muassasalarda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida 4700 dan ortiq xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bandlikni ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish va boshqa yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda.

Respublikamiz mustaqillik bayramining 25 yilligi  tadbirlariga hamohang tarzda  tashkil etilgan  «Xotin-qizlar qo‘mitasining eng namunali boshlang‘ich tashkiloti» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarni taqdirlash marosimida ularni ana shunday  mehnatlari yana bir karra e’tirof etilib, ishonch bildirildi. 

Namangan shahridagi «Yoshlar markazi»da «Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!» shiori ostida o‘tgan mazkur tadbirda O‘zbekiston respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Gulnora Marufova ishtirok etdi va o‘z so‘zida xotin-qizlar va ularning boshlang‘ich tashkilotlarining jamiyatda, yurtimiz hayotidagi roli haqida alohida to‘htaldi.

Shundan so‘ng  tanlovning viloyat bosqichida muvaffaqiyat qozongan, boshlang‘ich tashkilotlar raislariga 9 nominatsiya bo‘yicha1-2-3 darajali diplom va estalik sovg‘alari topshirildi. 

- Yurtimizda barcha sohalarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy faolligini yanada oshirish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, deydi, «Eng namunali harbiy qism xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti» nominatsiyasi bo‘yicha 1-darajali diplom bilan taqdirlangan Chortoq serjantlar maktabi xodimi Gulnoza Azizova. Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 maydagi «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Nasib qilsa bundan keyin ham xotin-qizlarni oila va jamiyatdagi faolligini oshirishda kuch-g‘ayrat va mehnatimizni ayamaymiz.

Shu kungi tadbir davomida namoyish etilgan viloyat san’atkorlari va jajji bolajonlar ijrosidagi Vatan, ona va mustaqillikni madh etuvchi badiiy dastur davraga yanada fayz kiritib, barchaga xushkayfiyat ulashdi.

Tanlovning barcha nominatsiyalar bo‘yicha 1-darajali diplom bilan taqdirlangan g‘oliblari  mamlakat bosqichiga yo‘llanma olishdi.

Tadbirda viloyat hokiminig o‘rinbosari Xilola Yusupova ishtirok etdi.

Axborot xizmati