Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi o‘laroq tibbiy xizmatni aholi yashash joylariga yaqinlashtirish va fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati hamda samaradorligini oshirishga alohida urg‘u berilmoqda.  Mustaqillikning yigirma besh yilligiga bag‘ishlangan va “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkillangan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostidagi ijtimoiy-tibbiy tadbir  muvaffaqiyatli yakunlandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Said Ismoilov rahbarligidagi guruhga mamlakatimizning tibbiyot oliygohlari, ilmiy-tekshirish institutlari va diyorimizning eng nufuzli tibbiyot markazlarining tajribali va malakali shifokor olimlardan tarkib topgandi. Ular 15-20 avgust kunlari Namangan shahri, Mingbuloq, Yangiqo‘rg‘on, Chortoq, Norin va Chust tumanlaridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda viloyatimiz davolash-profilaktika muassasalarining yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda olis qishloqlarda yashovchi aholi vakillarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar.

Bir hafta avval yakunlangan “Patronaj oyligi” jarayonida turli kasalliklarga chalingan bemorlar saralab olingani va tegishli mutaxassislar qabuliga yo‘llangani ayni muddao bo‘ldi. Shu bois ham kimning qaysi soha shifokoriga murojaat qilishi avvaldan ma’lum edi.

-Kardiolog qabulidan chiqyapman,-deydi Norin tumanidagi 10-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Xursanoy Azimova. – Yuragim bezovta qilayotgandi. Poytaxtdan tashrif buyurgan mutaхissis M.Ernazarov holatimni tekshirib ko‘rib, davolanish bo‘yicha maslahatlarini berdi.

Tibbiy tekshiruvlar samaradorligini ta’minlash maqsadida EKG, UTT va boshqa eng zamonaviy tibbiy apparatlar hozirlab qo‘yilganligi ham  bemorlar uchun katta qulaylik yaratdi. Aksiya ishtirokchilari o‘zlarini bezovta qilayotgan ko‘plab xastaliklar to‘g‘risida ma’lumot oldilar. Mutaxassislar esa aniq tashhis qo‘yib, darddan xalos etish yo‘llarini axtardilar.

-Ko‘zim xiralashib qolganligidan qiynalayotgan edim. Bugun oftalmolog A.Sulaymonovning tibbiy tekshiruvidan o‘tdim. Kasallikni qisqa fursatda davolash choralari ko‘riladigan bo‘ldi,- deydi “Barkamol avlod” markazi o‘qituvchisi Adolat Yo‘ldosheva.

Mazkur ezgu tadbir chog‘ida ko‘pgina xayrli ishlarga ham qo‘l urildi. Ayniqsa, ulug‘ yoshdagi kishilar, nogiron va  o‘zgalar qaroviga muhtoj insonlar alohida g‘amxo‘rlik og‘ushida bo‘ldilar. Bemorlarning uylariga borib malakali tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Binobarin, professor S. Ismoilov eng malakali shifokorlar bilan urush va mehnat faxriylari istiqomat qiladigan xonadonlarga tashriflar uyushtirdi.

-Shifokorlarga rahmat, salomatligimiz haqida qayg‘urib, uyimizga o‘zlari kelishibdi. Istiqlol yillaridagina mana shunday g‘amxo‘rlik, e’zozu e’tiborga loyiq topildik,-deydi Muhammadjon ota Nazarov.

“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostidagi bayramoldi aksiyasi joriy yildagi uchinchi ijtimoiy-tibbiy tadbirdir. Tor doiradagi mutaxassislar olis hududlarda yashovchi aholi uzog‘ini yaqin qilib, har kuni ikkitadan tumanlar vakillariga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatdi. Jumladan, oftalmolog, kardiolog, jarroh, nevropatolog, endokrinolog, terapevt, akusher-ginekolog, pediatr va boshqa mutaxassislar onalar va bolalar, ayniqsa qizlar hamda turli yoshdagi bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.

-Aksiya doirasidagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarga viloyat bo‘yicha 5 ming  nafardan ziyod fuqaro jalb etildi. Ularning  3 ming  nafarga yaqinida ayrim kasalliklarning alomatlari aniqlandi. 2800 dan ziyod kishiga ambulator sharoitda davolanish tavsiya etildi. 84 nafar bemor esa viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida sog‘lomlashtiriladi,-deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Furqat Rahmatov.

Shunday qilib, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida yana bir xayrli tadbir nihoyasiga yetkazildi. Shifokorlarning astoydil sa’y-harakatlari bilan bir qancha xastaliklar endigina boshlangan paytidayoq barham topadigan bo‘ldi. Qisqasi, hech kim mehr va e’tiborsiz qoldirilmadi.

Axborot xizmati