Namangan viloyati hokimligida “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur mukofot fidoyi va mehnatkash, mahallasi, elu yurti tashvishida tunlarni tonglarga ulagan viloyatning 27 nafar faol jamoatchilari mehnatiga munosib rag‘bat bo‘ldi.

 

Taqdirlash marosimida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, mahallaning roli jamiyatda kun sayin ortib borayotganini ta’kidlab, bugungi davlat siyosatida mahalla institutini rivojlantirish dolzarb masalaga aylanganini qayd etdi. “YAqin yillargacha mahalla fuqarolar yig‘inlarining 95 foiz faoliyati fermerlarning ishini qilish-u, kommunal to‘lovlarni yig‘ib berish bilan o‘tardi. Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar natijasida endi mahalla ma’naviyat tarqatish, aholi dardini o‘rganish, o‘z hududidagi har bir oilaning eng kichik muammosiga hal etishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanuvchi, haqiqiy o‘zini o‘zi boshqarish organiga aylandi. O‘sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasida mahalla asosiy rol o‘ynashga boshladi. “Bir bolaga etti mahalla ota-ona” maqoli bugun har qachongidan dolzarblik kasb etdi” dedi Xayrullo Bozorov.

 

Viloyat hokimi “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni sohiblariga yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.

 

Taqdirlanganlar orasidan so‘z olganlar, o‘zlariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, jamiyat ravnaqi va milliy qadriyatlar rivoji yo‘lida, mahallalarda tinchlik hamda osoyishtalikni saqlash borasida yanada jonbozlik bilan faoliyatlarini davom ettirishlarini ifodaladilar.