Chop etish

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov ushbu lavozimga tayinlanganidan beri o‘tgan ikki hafta davomida bir necha shahar-tumanlarda bo‘lib, ushbu hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, infratuzilmasi bilan tanishdi, mavjud holatni o‘rgandi.

 

Mazkur o‘rganishlar davomida asosiy e'tibor sharoiti nochor, infratuzilmasi yangilanishga muhtoj bo‘lgan mahallalarga qaratildi. Viloyat hokimining aholi bilan muloqotlari davomida yo‘llarni ta'mirlash, ichimlik suvi va elektr tarmoqlarini tortish, gaz ballonlari keltirish, yangi tayanch ustunlari o‘rnatish, bandlikni ta'minlash kabi ko‘plab masalalarda o‘nlab murojaatlar qabul qilindi.

 

Viloyat rahbari fuqarolarning ushbu murojaatlarini tez kunlarda qondirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar va qisqa muhlat berdi. Buning uchun zarur mablag‘ ajratildi. Hozirda Uchqo‘rg‘on, Norin, Chortoq, Kosonsoy, Namangan tumanlari va Namangan shahridagi viloyat hokimi borgan mahallalarda aholi ko‘targan muammolarni  bartaraf etish yuzasidan keng ko‘lamdagi ishlar boshlab yuborilgan.   

 —Bu ishlar to‘liq yakuniga yetmagunicha o‘rganishlarga  bormay turganimiz ma'qul. Zero, “va'da vafosi bilan go‘zal” degan gap bor. Oldingi o‘rganishlarda, aholi bilan muloqotlarimiz chog‘ida belgilab olingan vazifalar qisqa muddatlarda amalga oshiriladi va shundan so‘ng hududlardagi o‘rganishlarimiz jadal davom ettiriladi, — dedi viloyat rahbari.