Joriy yilning 26-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Xodimlarni o‘ylashmasa ham, ularning oila a'zolarini o‘ylashsin” sarlavha ostida xabar joylashtirilgan.

Xabarda, Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi tizimida ishlayotgan xodimlarning 2 oydan beri oylik olmayotgani, 1-avgustda ishdan bo‘shatilgan xodimlar bilan hisob-kitob masalasi ham hal qilinmagani bayon etilgan.

Mazkur murojaatda ko‘tarilgan masalalar o‘rganilganida quyidagilar ma'lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.06.2020-yildagi “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6010-sonli Farmoniga asosan - energiya ta'minoti, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish sohasida to‘lov intizomini ta'minlash bo‘yicha Byuro organlarining vazifalari tugatilishi munosabati bilan uning faoliyatini takomillashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirilishi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning va “Hududiygazta'minot” AJning tuzilmalari faoliyatiga qo‘shimcha jalb qilinadigan xodimlar, birinchi navbatda, qisqartirilayotgan Byuro xodimlari hisobidan to‘ldirilishi belgilangan.

Mazkur talablardan kelib chiqqan holda, Byuroning viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar  bo‘limining energiya resurslari va maishiy chiqindilar bo‘yicha qarzdorlikni undirish va nazorat qilishga mas'ul bo‘lgan 577 nafar xodimlarga joriy yilning 19-iyun kuni rasman yozma ravishda ogohlantirish xatlari berilgan va ularning 499 nafari bilan 1-avgustdan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 78 nafari kadrlar zahirasiga olingan.

Aynan ish beruvchining tashabbusi bilan bo‘shatilgan 453 nafar xodimlarga ishlagan davri uchun ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab kelingan. Jumladan, foydalanilmagan mehnat ta'tili va yakuniy hisob-kitob uchun jami 695.386.000 so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Murojaatda shuningdek 2 oydan beri oylik berilmayotgani aytib o‘tilgan bo‘lsa-da, ammo sentyabr oyining 1-yarmi ish haqi to‘liq moliyalashtirilgan. Shuningdek sentyabr oyining 2-yarmi ish haqining byudjet qismidan ajratiladigan qismi to‘lab berilgan.

Hozirda boshqa mablag‘lar hisobidan oktyabr oyi avans uchun talab etiladigan mablag‘larni  to‘lash choralari ko‘rilmoqda.

 

MIB Namangan viloyati boshqarmasi