Namangan shahridagi 26-sonli “Mehribonlik uyi”da “Prezident sovg‘asi”ni o‘g‘il-qizlarga topshirish katta tantanaga aylanib ketdi. Maskanda tarbiyalanayotgan 63 nafar tarbiyalanuvchilarni viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov  samimiy tabriklab, ularning kelgusi hayoti, o‘qish va izlanishlarida omad va muvaffaqiyatlar tiladi.



20 nomdagi shirinlik, 3 turdagi o‘quv qurollari hamda 2 turdagi jihozlar jamlangan “Prezident sovg‘asi”ni qabul qilib olgan bolajonlarning nigohlari quvonchdan porlab, qalblari shodlikka to‘ldi. Tarbiyalanuvchilar ijrosidagi betakror kuy-qo‘shiq va raqslar, “Qor parchasi” raqsi, mittivoylar chiqishi, doira kuyi, “Bo‘g‘irsoq” ertagi asosida namoyish etilgan teatr tomoshasi barchaga manzur bo‘ldi.  


Shuningdek, bugun viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi umumta’lim maktablarida ta’lim olayotgan 109 nafar chin yetim o‘quvchi, 15 nafar xizmat burchini bajarish paytida halok bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandi, 3 nafar mudofaa ishlari boshqarmasi xodimlarining farzandi, 2 nafar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlarining farzandi, 5 nafar bojxona boshqarmasi xodimlarining farzandi, 46 nafar “Go‘daklar uyi”da tarbiyalanuvchilari bo‘lgan 3-5 yoshli tarbiyalanuvchilarga “Prezident sovg‘asi” mahalliy hokimliklar, sektor rahbarlari  va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali topshirildi.