Vazirlar Mahkamasining Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi R.Talipov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari R. Ermatov, MOQ bosh kotibi O.Qosimovdan iborat ishchi guruh Namangan viloyatida o‘rganish ishlarini olib bormoqda.



Mehmonlarni viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov qabul qildi.

Uchrashuvda viloyatda Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilar va ularning ijtimoiy sharoiti, hududlarda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotining amaldagi holati, kelgusidagi rejalar xususida atroflicha suhbat olib borildi.

Olimpiya sport turlari bo‘yicha viloyat federatsiya (bo‘lim)larini tashkil qilinganligi, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik olib borayotgan viloyat sportchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishi rejalashtirilayotgan sportchi hamda ularning murabbiylariga yaratilgan shart-sharoitlar, hududlardagi sport ob’ektlarining faoliyati va yoshlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlar kabi masalalar suhbatning asosiy mavzulariga aylandi.


Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqovga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Namanganda futbolni ommaviylashtirish borasidagi faoliyati e’tirof etilgan tashakkurnomasini  topshirdi.

Ishchi guruh a’zolari shundan so‘ng Namangan viloyati madaniyat markazida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, BO‘SM va IBO‘SM mutasaddilari bilan uchrashdi. Unda viloyatda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, o‘quvchi yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi yoshlar sonini oshirish kabi ustuvor masalalar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.


Safar davomida mutasaddilar sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini joriy yilda kamida 25 foizga olib chiqish bo‘yicha topshiriqlarining amaldagi ijrosi, bu borada olib borilayotgan ishlar, rejalar bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi. Shuningdek, sohadagi muammolarni bartaraf etish, yoshlar va xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratib berilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash borasidagi chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ishchi guruh a’zolari safar davomida yuqoridagi masalalar bo‘yicha Chust va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi Bolalar va o‘smirlar sport maktablari, Namangan Olimpiya zaxiralari maktab-internatining imkoniyatlarini ham ko‘zdan kechirdi.