Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Abdug‘ofur Ahmedov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi

o‘rinbosari Abdulaziz Aqqulov, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.



Dastlab Sulton Uvays Qaraniy maqbarasida Qur’on tilovat qilindi. Shundan so‘ng mehmonlar ziyoratgoh bilan tanishtirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil iyuldagi Namanganga tashriflari davomida ko‘rsatilgan tavsiyalar asosida ziyoratgoh hududi 5,1 gektarga  kengaytirildi. Mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 2,1 mlrd. so‘m sarflanib, keng qamrovli rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Xususan, 1200 o‘ringa mo‘ljallangan masjid, Sulton Uvays Qaraniyning ramziy qabri, kutubxona, mehmonxona hamda ehsonxona qad rostladi. Ko‘l qirg‘oqlari mutlaqo yangi loyihalar asosida o‘zgartirilib, noyob daraxtlar, gul ko‘chatlari ekildi. Ziyoratgoh hududini aylanish uchun 2 ta  elektromobil ajratildi.


Ziyoratgoh muzeyidan kattaligi jihatidan O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasida saqlanayotgan Usmon Mushafidan keyingi ikkinchi o‘rinda turadigan Qur’oni Karim qo‘lyozmasi saqlanayotgani bu joyning nufuzini yanada oshiradi.

— Bugungi kunda   Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi nafaqat viloyatimiz yoki mamlakatimiz, balki qo‘shni respublikalar, hatto xorijiy mehmonlar uchun ham qutlug‘ qadamjoga aylangan. Yaqinda Pokistonning Panjob viloyati gubernatori Muhammad Sarvar  boshchiligidagi delegatsiya viloyatimizga tashrif buyurganida  mazkur ziyoratgohda bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga yuksak baho berdi. Bunday e’tirof shu yurt farzandi sifatida har birimizga iftixor va g‘urur bag‘ishlaydi, — dedi tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sulton Uvays Qaraniy qadamjosining ahamiyatini nazarda tutib, bu joy nafaqat ziyorat uchun, balki islom olamidagi eng nufuzli anjumanlar o‘tkaziladigan, ilmiy-tadqiqotlar olib boriladigan dargoh sifatida xizmat qilishi lozimligini ta’kidlagan edi. Ochilish marosimidan so‘ng bu yerda ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda “Sulton Uvays Qaraniyning tasavvufdagi o‘rni”, “Uvays Qaraniy axloqiy qarashlarining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati”, “Qaraniy haqida kelgan ma’lumotlarning qiyosiy tahlili” kabi ma’ruzalar tinglandi.