Joriy yilning 20-aprel kuni ijtimoiy tarmoqda Namangan viloyati Chortoq tumani, Ora ariq mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi  Muborak Yoqubova videomurojaat yo‘llagan.
Murojaatda turmush o‘rtog‘i bilan 2019-yildan  beri yashamayotgani, 2 nafar bolasi bilan uydan haydalgani, eri boshqa ayolga uylangani, ammo qonuniy ajrashmagani hamda ikki farzandiga aliment ham bermayotganini bayon etgan. Fuqaroning mazkur murojaati, unda bildirilgan fikrlar atroflicha o‘rganildi. Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.


Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2020-yil, 25-fevraldagi buyrug‘iga ko‘ra qarzdor X.Yoqubovdan undiruvchi M.Yoqubova foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 1/3 qism miqdorda aliment undirib belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritilgan. Ijro hujjati talabini bajarish maqsadida davlat ijrochisi tomonidan qarzdorning nomidagi mol-mulklarga aniqlik kiritish uchun tegishli idoralarni so‘rovnomalar yuborilgan.
Uning nomida hech qanday mol-mulklar mavjudligi aniqlanmagan. Shuningdek qarzdorni O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan. Amalga oshirilgan ijro harakatlari davomida H.Yoqubov Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Xorun Hasan Husan” fermer xo‘jaligida ishlayotgani aniqlangan va amaldagi tartibga ko‘ra aliment undirish yuzasidan ish joyiga talabnoma yuborilgan. Aliment mablag‘i undiruvchi M.Yoqubovaning yashash manziliga aloqa bo‘limi orqali o‘tkazilmoqda va doimiy nazoratga olingan. Murojaatni o‘rganish jarayonida joriy yil 1-aprel holatiga alimentdan qarzdorlik yo‘qligi aniqlandi.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi