Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandan beri doimo jamoatchilik markazida bo‘lib kelgan. Sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlab kelayotgan Byuro organlari tomonidan bugungi kunda 20 dan ortiq yo‘nalishlarda ijro harakatlari olib borilmoqda. Lekin ayrim hollarda hali hanuz ham davlat ijrochini faoliyatiga to‘sqinlik qilish, tuhmat yoki turli bo‘hton, uydirmalarni tarqatilayotgani uchrab turibdi. Aniq misolga o‘tsak: Namangan tumani, Kichik qurama mahallasida yashovchi fuqaro A.G. ana shunday kimsalardan biri.


U o‘tgan yilning 26-noyabr kuni Majburiy ijro byurosi Namangan tuman bo‘limi boshlig‘i xonasiga hech bir sababsiz kirib boradi. U yerda turli bahona bilan janjal ko‘tarib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzadi. Boz ustiga, xodimlarni haqorat qilib, sha’ni va obro‘sizlantirishga harakat qiladi. Eng achinarlisi, qilar ishni qilib, ijtimoiy tarmoqqa “MIB xodimlari meni ayovsiz kaltaklashdi” deya video murojaat joylashtirib, tizimini obro‘sizlantirishga urinadi. Mazkur holat bo‘yicha shu kunni o‘zida boshqarma tomonidan o‘rganilib, murojaatga munosabat beriladi. Bundan tashqari holatga yanada oydinlik kiritish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlandi va o‘rganildi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha fuqaroning hatti-harakatiga huquqiy baho berish uchun tegishli organlarga hujjatlar taqdim etiladi.
Xulosada fuqaro A.G. ning MIB xodimlarini haqorat qilgani va ijtimoiy tarmoqda uydirma tarqatgani aniqlandi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan huquqbuzarlik sodir etgan deb topiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudida fuqaro A.G. bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, bo‘lim binosidagi ashyoga yetkazilgan zararni ham undirish belgilandi.  
                            

Oybek Quranbayev,

MIB Namangan viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi